16 May 2021 2348

Xalqaro turnirda yangi O‘zbekiston rekordi

Poytaxtimizda yengil atletika bo‘yicha xalqaro xotira turniri o‘z yakuniga yetdi. 2 kun davom etgan musobaqada mamlakatimiz vakillari qatorida Qozog‘iston va Tojikistondan kelgan atletlar ham ishtirok etishdi.

Taʼkidlash joiz, bir-biridan qiziqarli o‘tgan bahslarni MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov va uning birinchi o‘rinbosari Ravshan Irmatov kuzatib borishdi. Musobaqada atletlar bajarilgan normativ orqali Tokio-2020 Olimpiadasiga yo‘llanma olishlari ham mumkin. Shu bois unga bo‘lgan qiziqish katta bo‘lgani tabiiy.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, hech bir atlet Olimpiada normativini bajara olmadi. Biroq bir qator g‘oliblar o‘z hisoblariga qimmatli reyting ochkolarini yozib qo‘yish barobarida ahamiyatli natijalarni qayd etishdi. Ana shunday ko‘rsatkichlardan biriga bosqon uloqtiruvchi qizimiz Zarina Nosirjonova mualliflik qildi. Yosh sportchimiz turnirda 64.22 metr natija ko‘rsatdi. Bu esa ham yoshlar, ham kattalar o‘rtasida yangi O‘zbekiston rekordi sifatida qayd etildi. Ushbu dasturning erkaklar o‘rtasidagi yo‘nalishda esa Suhrob Xo‘jayev bosqonni 75.30 metrga uloqtira oldi. Bu ko‘rsatich Tokio-2020 normatividan 2.3 metr pastroq natija bo‘ldi.

Musobaqaning barcha g‘oliblari va ularning natijalari bilan ushbu havola orqali tanishasiz.

Text to speech