30 Iyul 2023 581

Toshkentda tennis murabbiylari uchun xalqaro seminar yakunlandi

19-iyul kuni poytaxtimizda tennis murabbiylari uchun boshlangan xalqaro seminar oʻz poyoniga yetdi. “Olimpiya birdamligi” dasturi asosida Xalqaro tennis federatsiyasi va Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Iroq davlatlari, shuningdek, mamlakatimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan 16 nafar murabbiy oʻz malakalarini yanada oshirishdi.

Darslar Respublika Olimpiya zaxiralari tennis maktabida tashkil etildi. Unda xalqaro federatsiya tomonidan jalb etilgan ekspertlar Seydemir Borgʻyei (Eron), Kraut Piter (Filpipin) va Igor Shelyakin (Oʻzbekiston) nazariy hamda amaliy darslarni oʻtkazishdi. Oʻquv jarayoni yosh tennischilar bilan ishlashning zamonaviy metodikalari, ularning texnik qobilayatlarini oshirish, professional sportga tayyorlash kabi mavzularni oʻz ichiga oldi.

Qayd etish joiz, Seydemir Borgʻyei ikkinchi bor mamlakatimizda tashkil etilgan bunday dasturda ishtirok etdi. Eronlik mutaxassis bundan avval 2016-yil ham mana shunday seminarda qatnashgan. Tadbir yakunida darslarda muvaffaqiyatli ishtirok etgan murabbiylarga xalqaro federatsiyaning maxsus sertifikatlari taqdim qilindi.

Text to speech