25 Iyul 2023 1291

Parij-2024 mashʼalasining taqdimoti o‘tkazildi

Olimpiya mashʼalasi har bir O‘yinlarning ajralmas qismlaridan bo‘lib, Parij-2024 Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarining tashkiliy qo‘mitasi bo‘lajak musobaqaning mazkur ramzini namoyish qildi. Mezbonlar mashʼala dizaynini yaratishda quyidagi 3 yo‘nalishga katta ahamiyat qaratishgan: tenglik, suv va tinchlik.

1. Mashʼala 2 qismdan iborat bo‘lib, ustki va ostki tomonlari ayni bir xil uzunlikda. Shuningdek, bu tushuncha gender tenglikni ham anglatib, Olimpiadalar tarixida aynan Parij-2024 da erkak va ayol atletlarning soni teng miqdorga keltirilganiga ham ishora qilinadi.

2. Rejaga ko‘ra, mashʼala estafetasi O‘rta Yer dengizi atrofidagi ko‘plab hududlarni o‘z ichiga oladi. Qolaversa, suv insoniyat uchun tiriklik ramzi. Boshqa bir jihatdan, musobaqa ochilish marosimi ilk bor Sena daryosida, yaʼni suv ustida o‘tkazilishiga ham ishorani uchratish mumkin.

3. Shubhasiz, Olimpiya o‘yinlari – bu tinchlik ramzi. Har bir O‘yinlar davomida tashkiliy qo‘mita bu yo‘nalishni turli ramzlar bilan ifodalashga urinadi. Bu mashʼala ham Yer yuzidagi insonlar va millatlarni ushbu g‘oya ostida birlashtirishini ifodalaydi.

Eslatib o‘tamiz, Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlari kelasi yilning 26-iyul - 11-avgust kunlari bo‘lib o‘tadi.

Text to speech