24 Iyul 2023 1229

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 66 yoshda!

Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev 66 yoshni qarshi olmoqda.

Davlatimiz rahbarining sportni ich-ichidan tushunishlari, jismoniy tarbiya va sogʻlom turmush tarzini faol qoʻllab-quvvatlashlari natijasida farzandlarimiz xalqaro maydonda yurtimiz dovrugʻini dunyoga tanitishmoqda. Ayniqsa, yoshlar sportiga qaratilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrlik sabab mamlakatimiz aholisining sogʻlom turmush darajasi yanada oʻsib bormoqda.

Shavkat Miromonovichning bir necha kun muqaddam mamlakatimizda oʻtgan muhim siyosiy jarayonlardan biri – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentlik saylovida katta ustunlik bilan gʻalaba qozongani jonajon xalqimizning u kishiga boʻlgan ishonchi qanchalik ulkan ekanini yana bir bor koʻrsatdi. Boisi Muhtaram Yurtboshimiz barpo etayotgan Yangi Oʻzbekistonda inson qadri va qimmati, uning huquq va erkinliklari kafolatlab qoʻyilgan.

Atletlarimiz yana sanoqli kunlardan soʻng Xitoyning Xanchjou shahrida XIX yozgi Osiyo oʻyinlarida ishtirok etishadi. Taʼkidlash joiz, sportchilarimizning mazkur nufuzli musobaqa, shuningdek roppa rosa 1 yildan soʻng Fransiya poytaxtida start oladigan XXXIII yozgi Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarligi muhtaram yurtboshimizning qoʻllab-quvvatlashlari bilan yuqori saviyada olib borilmoqda. Oʻz navbatida, Oʻzbekistonning mard va jasur oʻgʻil-qizlari bunga javoban yurtimizga shoda-shoda medallar bilan qaytib kelishiga ishonamiz.

Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi, Respublika sport faxriylari kengashi, mamlakatimiz Olimpiya oilasi yaratilgan barcha sharoitlar, keng koʻlamdagi islohotlar uchun Prezidentimizga minnatdorchilik izhor qilib, bugungi tavallud ayyomida yurtboshimizga uzoq umr, sihat-salomatlik tilab qoladi.

Text to speech