19 Iyul 2023 1425

Prezident qarori asosida Samarqandda Oliy sport mahorati instituti faoliyatini boshlamoqda

Olimpiya va Paralimpiya sport turlari boʻyicha yuqori malakali hamda zamonaviy bilim va texnologiyalarni oʻzlashtirgan trener, hakam seleksioner va boshqa mutaxassislarni tayyorlash maqsadida 2022-yil 6-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy sport mahorati instituti faoliyatini tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi 269-son Qarori imzolangan edi. Hozirda unda belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan amaliy ishlar olib borilmoqda.

Qarorga muvofiq, Samarqand shahrida Oliy sport mahorati instituti tashkil etildi. Bu yil mazkur dargohga dastlabki talabalar qabul qilinadi. MOQ raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov boshchiligida Institut faoliyatini yoʻlga qoʻyish, unga terma jamoalardagi iqtidorli sportchilarni jalb etish kabi masalalarga bagʻishlangan onlayn yigʻilish boʻlib oʻtdi. ZOOM platformasi orqali tashkil etilgan tadbirda Institut rektori vazifasini bajaruvchi, shuningdek, Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti rektori Ilhomjon Tursunaliyev, Yoshlar siyosati va sport vazirligi, federatsiya va assotsiatsiyalar masʼullar ishtirok etishdi.

Ushbu institutga oliy sportda katta muvaffaqiyatga erishgan, xususan, turli yosh toifalaridagi Osiyo hamda jahon chempionatlarida gʻolib va sovrindor boʻlgan, shuningdek, kattalar oʻrtasidagi mamlakat birinchiligida gʻalaba qozongan sportchilar imtiyozli qabul qilinadi. Oʻqish davomiyligi 3 yilni tashkil etadi. Unda boks, dzyudo, yengil atletika, ogʻir atletika, erkin kurash, yunon-rum kurashi, taekvondo WT, suzish, akademik eshkak eshish, baydarka va kanoeda eshkak eshish, gandbol, basketbol va paralimpiya sport turlari boʻyicha malakali kadrlar tayyorlanadi.

Sherzod Rixsibayevich ushbu taʼlim dargohining ilk qabulini muvaffaqiyatli oʻtkazish lozimligini alohida taʼkidladi. Shu maqsadda federatsiyalar masʼullariga jarayonni shaffof va ochiq tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Text to speech