18 Iyul 2023 1708

Sharifa Davronova – Osiyoning eng yaxshi yosh yengil atletikachisi!

Yengil atletikaning uch hatlab sakrash yoʻnalishi boʻyicha yoshlar oʻrtasida Osiyo va jahon chempioni, Konya-2021 Islom birdamligi oʻyinlari gʻolibi Sharifa Davronova Osiyo yengil atletika assotsiatsiyasi tomonidan “Yilning eng yaxshi yosh yengil atletikachisi” deb topildi. Bugun Osiyo yengil atletika assotsiatsiyasi vitse-prezidenti, Oʻzbekiston yengil atletika federatsiyasi raisi oʻrinbosari Andrey Abduvaliyev ushbu sovrinni atletimizga topshirdi.

Andrey Hakimovich sportchimizni taqdirlar ekan, unga kelgusi musobaqalarda omad tiladi. Xususan, joriy yil Xitoyning Xanchjou shahrida oʻtkaziladigan Osiyo oʻyinlarida ham barcha undan oltin medal kutayotganini qoʻshimcha qildi. Oʻz navbatida, Sh.Davronova kelgusida kattalar oʻrtasida ham yil sportchisi boʻlish uchun astoydil harakat qilishini bildirdi.

Maʼlumot uchun, joriy yil hisobidan Osiyo miqyosida yoshlar oʻrtasida oʻtadigan musobaqalar yakuniga yetdi. Davronova 2023-yil poytaxtimiz mezbonlik qilgan Osiyo chempionatida 13.99 metr natija qayd etgan. Bu yil davomida nafaqat qitʼa, balki jahon miqyosida yoshlar toifasidagi eng yuqori koʻrsatkich boʻlib turibdi.

Text to speech