18 Iyul 2023 1491

Parij-2024: Olimpiya shaharchasi va sport obyektlariga sayohat

Maʼlum qilganimizdek, shu kunlarda Fransiya poytaxtida Parij-2024 XXXIII yozgi Olimpiya oʻyinlarining tashkiliy masalalariga bagʻishlangan seminar boʻlib oʻtmoqda. Uning navbatdagi kunida mehmonlar uchun Olimpiya shaharchasi va bir qator sport obyektlari boʻylab ekskursiya tashkil etildi.

Tokio-2020 Olimpiadasidagi shaharchada maksimal darajada tejamkorlikdan foydalanish uchun yotoqlar kartondan (baquvvat qogʻoz materiallar) ishlangan edi. Fransiyaliklar ham ushbu anʼanani davom ettirishmoqda. Tokiodagidan farqli oʻlaroq, shaharcha ichidagi xonalar va atletlarning mashgʻulot zallari nisbatan keng va katta. Shaharcha Sena daryosi boʻyida qurilib, uning har ikki qirgʻogʻini egallab oladi. Daryodan oʻtish uchun maxsus koʻprik quriladi. Avval kinematografiya pavilyoni boʻlgan ulkan maydon Oʻyinlar davomida oshxona vazifasini bajarib beradi. Shubhasiz, shaharcha katta hududni oʻz ichiga oladi. Turli chekkalarga tezroq yetib borish uchun tashkiliy qoʻmita aʼzolariga samokat, mehmonlarga velosiped xizmatlari taqdim etiladi.

Olimpiya obyektlari boʻyicha ham bir qator jihatlarni sanab oʻtish mumkin. Asosiysi Parij-2024 eng kam obyektlar qurilgan Olimpiada sifatida tarixga kirmoqda. Bu esa davlat byudjetidan katta miqdorda pul ajratilib, hozirda qarovsiz yotgan Afina-2004, Rio-2016 kabi Olimpiadalarning obyektlari kabi qarovsiz qolib ketishining oldini oladi. Boʻlajak mezbonlar suv sporti turlari uchun 15 220 kishiga moʻljallangan yangi havza, shuningdek, 8000 tomoshabinni oʻz ichiga oladigan, Oʻyinlar davomida badminton hamda badiiy gimnastika bahslarini qabul qiladigan ikkita arenani yangidan qurgan xolos. Musobaqalarning aksariyat qismida koʻrgazma zallaridan foydalaniladi. Ekskursiya davomida bu boʻyicha batafsil maʼlumot berildi. 2024-yilning may oyidan binolarni jihozlash ishlari boshlanadi va qarabsizki, zallar bir necha hafta ichida dunyoning eng kuchli sportchilarini qabul qiladigan sport obyektiga aylanadi. Yana bir qiziq tomoni, baʼzi sport turlarining ikki xil obyektlarda oʻtishi. Jumladan, boks bellashuvlari “Arena Paris Nord” koʻrgazmasining maydonida tashkil etilsa, hal qiluv janglar 34 000 kishini sigʻdira oladigan “Rolan Garros stadioni"da oʻtadi.

Tadbir davomida Oʻzbekiston MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov Olimpiya oʻyinlaridan avval Parijda bir qator sport turlari boʻyicha terma jamoalarimiz uchun oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini oʻtkazish boʻyicha muzokaralar olib bormoqda.

Text to speech