17 Iyul 2023 1355

Ochilish marosimlaridagi inqilob: Parij tarixiy Olimpiya oʻyinlariga tayyorlanmoqda

Kelasi yilning eng muhim voqeligi – Parij-2024 Olimpiya oʻyinlarining boshlanishiga deyarli 1 yil vaqt qoldi. Ayni kunlarda Fransiya poytaxtida boʻlajak Olimpiya oʻyinlarining tayyorgarligiga bagʻishlangan seminar boʻlib oʻtmoqda. Musobaqa tashkiliy qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilayotgan ushbu tadbirda butun dunyodagi Milliy Olimpiya qoʻmitalaridan tashrif buyurgan delegatlar ishtirok etyapti. Unda Oʻzbekiston MOQ nomidan Qoʻmita Bosh kotibi Oybek Kasimov hamda Xalqaro aloqalar departamenti mutaxassislari qatnashishmoqda.

Seminar avvalida Oʻyinlar haqidagi umumiy maʼlumotlar jamlangan taqdimot oʻtkazildi. Unda bir qator qiziqarli jihatlarni uchratish mumkin. Koʻpchilikning eʼtiborini tortgan holat musobaqa ochilish marosimi boʻldi. Maʼlumki, XXXIII yozgi Olimpiya oʻyinlarining ochilish marosimi Oʻyinlar tarixida ilk bor stadionda emas, daryo boʻylab oʻtkaziladi. Sena daryosi qabul qiladigan ushbu tarixiy voqelik 2024-yilning 26-iyul kuniga belgilangan.

Bu orqali marosimni jonli tomosha qilishni istagan muxlislar sonini koʻpaytirish mumkin. Rejaga koʻra, ochilish marosimini kamida 500 000 dan ortiq tomoshabin daryo boʻyida kuzatish imkoniyatiga ega boʻladi. Tadbir davomida marosimning birinchi repetitsiyasi ham oʻtkazildi. Unda sinov tariqasida 39 ta kema soatiga 9 km tezlikda belgilangan yoʻnalish boʻylab harakatlandi.

Anjuman doirasida Olimpiya oʻyinlarida qatnashadigan delegatsiyalar uchun qoʻyiladigan talablar boʻyicha ham atroflicha maʼlumot berildi. Unga koʻra, tashrif buyuradigan mehmonlar uchun ilk bor viza tizimi joriy etiladi. Qayd etish joiz, bungacha barcha Olimpiya oʻyinlarida ishtirokchilarning akkreditatsiyasi bir vaqtning oʻzida viza vazifasini ham bajargan. Tadbir davomida O.Kasimov tomonidan tashkiliy qoʻmitaga mamlakatimiz ramzlari boʻlmish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi va madhiyasi taqdimot qilindi.

Seminar ertaga oʻz ishini yakunlaydi. Uning doirasida delegatlar Olimpiya shaharchasi va musobaqalar oʻtkaziladigan obyektlarga ham tashrif buyurishi koʻzda tutilgan.

Text to speech