14 Iyul 2023 1150

Sportchilarimizning ADAMS tizimida ishlash koʻnikmalarini oshirishga eʼtibor kuchaymoqda

Butunjahon antidoping agentligi (WADA) tomonidan yirik musobaqalarda ishtirok etadigan sportchilarning kunlik taqvimini oʻrganib borish boʻyicha ADAMS tizimi yaratilgan. Hozirda butun dunyoda atletlarning ushbu yoʻnalishda ishlash boʻyicha koʻnikmalarini oshirish yuzasidan turli dasturlar koʻrib chiqilmoqda. MOQ raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov soha mutasaddilari bilan mazkur mavzu yuzasidan uchrashuv oʻtkazdi.

Unda MOQ qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi direktori Kamol Sirojitdinov va uning maslahatchisi Iskandar Mavlyanov, Oʻzbekiston Milliy antidoping agentligi mutasaddilari ham ishtirok etishdi. Sherzod Rixsiboyevich ADAMS tizimiga kiritilmagan yoki unda toʻgʻri ishlay olmayotgan sportchilarimizga yordam berish, yuzaga kelishi mumkin boʻlgan noxush holatlarning oldini olish muhimligini bildirdi. Shu bois ushbu masalaga jiddiy eʼtibor qaratish lozimligini qoʻshimcha qilib, ularga tizim bilan ishlash boʻyicha seminarlar tashkil etish xususida tavsiya berdi.

ADAMS tizimiga koʻra, sportchi doping tahlillarini topshirish uchun 3 bora oʻzi belgilagan joyda boʻlmasa, uzoq muddatga diskvalifikatsiya qilinadi. Shuni inobatga olgan holda, barcha atletlarimizni ushbu dastur bilan ishlashga oʻrgatish, ularga taqdim etilayotgan farmakologik vositalarning tarkibini nazorat qilish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Text to speech