Bahodir Jalolovning faoliyati bilan yaqindan tanishamiz
“Ular Tokioda yurt shaʼnini himoya qilishadi” loyihamizning bugungi qahramoni boks bo‘yicha terma jamoamiz yulduzi Bahodir Jalolov bo‘ladi.
Bahodir Jalolov 1994-yil 8-iyul kuni Surxondaryo viloyati, Saraosiyo tumanida tavallud topgan. Boks saboqlarini Chirchiq Olimpiya zaxiralari kollejida taniqli murabbiy To‘lqin Qilichevdan o‘rgangan.
2013-yil +91 kg vazn toifasida kattalar o‘rtasida mamlakat birinchiligida g‘alaba qozondi va shu yildan eʼtiboran O‘zbekiston terma jamoasi aʼzosi hisoblanadi.
Jalolov faoliyatidagi ilk yirik musobaqani 2015-yil jahon chempionatida o‘tkazdi. Mazkur turnirda yurtdoshimiz bronza medalini qo‘lga kiritdi.
2016-yil esa Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘tgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etib, chorak finalgacha yetib bordi. Qayd etish, bokschimiz mazkur Olimpiadaning ochilish marosimida terma jamoamizning bayroqdori ham bo‘lgan.
2017-yil Toshkentda, 2019-yil Bangkokda o‘tgan Osiyo chempionatida zafar quchdi.
201- yildan hamyurtimiz professional boksga ham qadam qo‘ydi. “Big Uzbek” laqabi ostida jang qilayotgan bokschimiz shu paytgacha 8 ta jang o‘tkazib, barchasida muddatidan avval g‘alaba qozondi.
2019-yil Rossiyaning Yekaterinburg shahrida o‘tgan jahon chempionati uning faoliyatidagi unutilmas musobaqalardan bo‘ldi. Bunda Bahodir barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib, ilk bor jahon chempionligini qo‘lga kiritish barbarida musobaqaning eng yaxshi bokschisi unvoniga erishdi. Musobaqadan so‘ng Prezidentimiz tomonidan “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.
2020-yil boshida Iordaniyada o‘tgan litsenzion turnirdagi muvaffaqiyatli ishtiroki orqali Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma oldi. Hozirda terma jamoamiz bilan mazkur musobaqaga qizg‘in tayyorgarlik olib bormoqda.