13 Iyul 2023 1832

Oybek Norinboyev Oʻzbekiston oʻq otish federatsiyasi raisi lavozimiga qayta saylandi

Bugun Milliy Olimpiya qoʻmitasida Oʻzbekiston oʻq otish sporti federatsiyasining navbatdagi hisobot-saylov konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Unda MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, mamlakat oʻq otish federatsiyasi raisi Oybek Norinboyev, Sportning qishki va murakkab texnik turlari boʻyicha Respublika oliy sport mahorati maktabi rahbariyati, federatsiyaning hududiy vakillari, sportchi va murabbiylar ishtirok etishdi.

Tadbirni Oybek Kasimov ochib berar ekan, federatsiya soʻnggi yillar ichida sezilarli oʻsishga erishgani, bu sportchilarimizning Osiyo va jahon chempionatlarida qoʻlga kiritayotgan muvaffaqiyatlarida yaqqol aks etayotgani haqida toʻxtaldi. Oʻz oʻrnida, O.Kasimov federatsiyaning kelgusi faoliyatiga ham omad tilab, Oʻzbekiston MOQ hamisha sportchi va murabbiylarimizni qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi.

Kun tartibiga muvofiq, birinchi federatsiyaning 2022-yilgi hisoboti tinglandi. Shundan soʻng asosiy masalalarga oʻtildi. Unda federatsiyaning amaldagi raisi Oybek Qobiljonovich Norinboyev nomzodi tashkilot rahbarligiga ilgari surildi. Delegatlar nomzodni bir ovozdan qoʻllab-quvvatlashdi va Oybek Norinboyev Oʻzbekiston oʻq otish federatsiyasi raisi lavozimiga qayta saylandi. Soʻz olgan Oybek Qobiljonovich kelgusida federatsiya faoliyatini yanada rivojlantirish, Xanchjou-2022 Osiyo va Parij-2024 Olimpiya oʻyinlarida sportchilarimizning munosib ishtiroklarini taʼminlash uchun bor kuch-gʻayratini safarbar qilishini taʼkidladi.

Shundan soʻng federatsiya raisi oʻrinbosarlari va Bosh kotibi lavozimlari ham tasdiqlab olindi. Unga koʻra, Doniyor Qodirov, Hamdam Qarshiyev hamda Ramiz Yenaliyev rais oʻrinbosari, Mardonbek Davronov federatsiya Bosh kotibi lavozimiga saylanishdi. Shuningdek, konferensiya davomida tashkilot Ijroiya qoʻmitasi tarkibi ham shakllantirib olindi.

Tadbirning yakuniy qismida soʻnggi yillarda xalqaro maydonda yuqori natijalar qayd etgan Muhammad Kamalov 20 milion, Vladimir Svechnikov hamda Namangan viloyati murabbiy Vadim Kandakov 10 million soʻm miqdoridagi bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanishdi. Shuning bilan, Oʻzbekiston oʻq otish federatsiyasining navbatdagi hisobot-saylov konferensiyasi oʻz ishini yakunladi.

Text to speech