13 Iyul 2023 645

Rustam Assakalov va Diyora Keldiyorovani tabriklaymiz!

Bugun taniqli kurashchimiz Rustam Assakalov va dzyudochimiz Diyora Keldiyorova tavallud ayyomlarini nishonlashmoqda.

Rustam Assakalov 1984-yil 13-iyul kuni dunyoga kelgan. Xalqaro toifadagi sport ustasi. Assakalov 2015-yil AQSHning Las-Vegas, 2019-yilda Qozogʻistonning Astana shahrida oʻtkazilgan jahon chempionatlarining mos ravishda kumush va bronza medallari sohibi hisoblanadi. Taʼkidlash joiz, ushbu dunyo birinchiliklaridagi muvaffaqiyat unga Rio-2016 va Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlari yoʻllanmasini taqdim qildi. Kurashchimiz 2014-yilgi Incheondagi Osiyo oʻyinlarida chempionlik shohsupasiga koʻtarilgan boʻlsa, 2018-yil Jakartada kumush medal bilan taqdirlangan. Shuningdek, uning hisobida Osiyo chempionatining 2 tadan oltin, kumush va bronza medallari mavjud.

Diyora Keldiyorova 1998-yil 13-iyul kuni Samarqand viloyatida tugʻilgan. 2015-yil kadetlar oʻrtasidagi oʻtkazilgan jahon chempionati gʻolibi hisoblanadi. Mahoratli dzyudochimiz “Masters” musobaqasida 1 ta bronza, “Katta dubulgʻa” turnirida 4 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza, qitʼa birinchiliklarida esa 2 ta oltin, 1 ta kumush hamda 2 ta bronza medallarini jamgʻargan. Joriy yil Qatarda oʻtgan jahon chempionatida -52 kg vazn toifasida kumush medalga sazovor boʻldi. Dzyudochimiz qoʻlga kiritgan natijalari evaziga davlatimiz tomonidan “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlangan.

Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi har ikki sportchimizni tavallud kuni bilan tabriklab, ularga uzoq umr va sihat-salomatlik tilab qoladi.

Text to speech