7 Iyul 2023 1248

Toshkentda osiyolik yosh xokkeychilar uchun xalqaro oʻquv-mashgʻulot yigʻini oʻtkaziladi

1-7-avgust kunlari Toshkentda osiyolik yosh xokkeychilar uchun oʻquv-mashgʻulot yigʻini tashkil etiladi. Osiyo Olimpiya kengashi, Xalqaro muz ustida xokkey federatsiyasi (IIHF) bilan hamkorlikda oʻtkaziladigan ushbu tadbirda qitʼamizning 30 ga yaqin mamlakatidan yosh sportchilar va ularning murabbiylari ishtirok etishadi. Bugun Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasida IIHFning Osiyo va Okeaniya mintaqasi boʻyicha menejeri Xarald Springfild bilan ushbu tadbirga olib borilayotgan tayyorgarlik jarayonlari muhokama qilindi.

Mehmonni MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov qarshi oldi. Shuningdek, ushbu yigʻilishda Oʻzbekiston xokkey federatsiyasi Ijrochi direktori Elbek Mahmudov ham ishtirok etdi. Oybek Omilovich X.Springfildga mamlakatimizda soʻnggi davrda qishki sport turlarini rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibor haqida gapirar ekan bunga “Humo arena” koʻp tarmoqli muz saroyi, “Amirsoy” changʻi kompleksi, “Alpomish” majmuasi va viloyatlarda qurilayotgan muz saroylarini yaqqol misol tariqasida keltirdi. Qolaversa, yosh xokkeychilarimizning xalqaro maydondagi yutuqlarini alohida eʼtirof etib, bu kabi loyihalar yurtimiz sporti uchun muhim ekanini bildirdi.

Oʻz navbatida, IIHF vakili Oʻzbekiston xokkey federatsiyasi ushbu loyihaga katta tayyorgarlik koʻrayotganini alohida taʼkidladi. Shuningdek, mamlakatimiz xalqaro yigʻinni yuqori darajada oʻtkazishiga aslo shubha qilmasligini, kelgusida hamkorlikda yanada koʻplab loyihalarni amalga oshirish mumkinligini qoʻshimcha qildi.

Rejaga muvofiq, xalqaro oʻquv-mashgʻulot yigʻini ikki qismdan iborat boʻladi. Dastlab ishtirokchilarga nazariy bilim beriladi. Shundan soʻng tinglovchilar oʻz qobiliyatlarini “Humo arena”da oʻtadigan amaliy mashgʻulotlarda namoyish qilishadi.

Text to speech