Namangan viloyatida yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar Respublika ishchi guruhi nigohida
Ayni kunlarda hududlarda yoshlar bilan ishlash va sport sohasida olib borilayotgan ishlar holatini oʻrganish boʻyicha Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi rahbariyatidan iborat Respublika ishchi guruhi tuzilgan boʻlib, mutasaddilar yurtimizning barcha viloyatlarida mazkur yoʻnalish boʻyicha holatni oʻrganib chiqishmoqda. MOQ raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov boshchiligidagi ishchi guruh Namangan viloyatida boʻlib turibdi.
Dastavval, viloyat Yoshlar siyosati va sport boshqarmasi rahbariyati mavzu boʻyicha hududlarda olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirdi. Shundan soʻng ishchi guruh Pop, Davlatobod, Yangi Namangan, Chust tumanlari va Namangan shahriga borib, u yerlardagi sport maktablari va obyektlarning faoliyatini oʻrgandi. Pop tumanida qurilayotgan 2-BOʻSM mutasaddilarning eʼtiborini jalb etdi. 5000 metr kvadrat maydonni egallaydigan ushbu maskanda yoshlarning sport bilan shugʻullanishlari uchun barcha sharoitlar yaratiladi.
Sherzod Rixsibayevich barcha tumanlardagi sport maktablarining faoliyati bilan tanishar ekan, ish samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha topshiriqlar berdi. Shuningdek, Murodjon Ahmadaliyev, Adhamjon Ergashev kabi jahon arenalarida ulkan yutuqlarga erishgan namanganlik sportchilarni viloyat yoshlari uchun namuna qilib koʻrsatish, ulardagi vatanparvarlik ruhini kuchaytirish xususida alohida toʻxtaldi.