Kurash va jiu-jitsu boʻyicha terma jamoalarimizning Osiyo oʻyinlariga tayyorgarligi muhokama qilindi
Xanchjou-2022 Osiyo oʻyinlari dasturidan bir qator noolimpiya sport turlari ham oʻrin olgan boʻlib, hozirda barcha terma jamoalarimiz yilning eng muhim startiga tayyorlanmoqda. MOQ raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov kurash va jiu-jitsu boʻyicha jamoalarimizning olib borayotgan hozirligi bilan tanishdi. Unda, shuningdek, Yoshlar siyosati va sport vazirligi boʻlim boshligʻi Akrom Nizametdinov ham ishtirok etdi.
Sh.Tashmatov uchrashuv davomida Osiyo oʻyinlariga tayyorgarlik davlatimiz tomonidan toʻlaligicha qoʻllab-quvvatlanayotgani, bunga javoban har bir sport turidan medallar kutilayotganini taʼkidladi. Qayd etish joiz, kurash 2018-yil Indoneziyadagi Osiyo oʻyinlarida Oʻzbekiston delegatsiyasiga eng koʻp oltin medal keltirgan sport turi hisoblanadi. Suhbat davomida kurashchilarimiz Xitoyda ham delegatsiyamizning muvaffaqiyatiga katta hissa qoʻshishni maqsad qilishgani taʼkidlandi.
Oʻz navbatida, jiu-jitsuchilarimizning ham rejalari atroflicha koʻrib chiqildi. Mutaxassislar terma jamoamiz Osiyo oʻyinlariga tayyorgarlik jarayonida ushbu sport turi vatani boʻlmish Braziliyada oʻquv-mashgʻulot yigʻinini oʻtkazish rejalashtirilganini maʼlum qilishdi. Uchrashuv davomida sportchilarning tibbiy-farmakologik taʼminotini kuchaytirish, ularni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish, tayyorgarlik rejasini yanada puxta ishlab chiqish boʻyicha qoʻshimcha tavsiyalar berildi.