Sogʻlom turmush tarzi targʻibotchilari hamisha eʼtiborda
Ortda qolgan hafta OAV xodimlari uchun bayramlarga boy boʻldi. 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni, 28-iyun – Qurbon Hayiti bayrami va 2-iyul – Xalqaro sport jurnalistlari kuni keng nishonlandi. Bugun Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi uzoq yillardan beri hamkorlikda faoliyat olib borayotgan soha mutaxassislarini ushbu bayramlar bilan qutladi.
Tadbirda MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov hamda Qoʻmita raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov, shuningdek, koʻplab OAV xodimlari ishtirok etishdi. Soʻz olgan rasmiylar jam boʻlgan ijod ahlining mamlakatimiz sportida erishilayotgan muvaffaqiyatlarni xalqimizga ishonchli va tezkor tarzda yetkazib berish, Prezidentimiz ilgari surayotgan sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilishdagi mehnatlarini alohida taʼkidlashdi.
Shundan soʻng OAV xodimlariga Oʻzbekiston MOQning hamkorlaridan biri “7SABER” kompaniyasining toʻplamlaridan iborat sovgʻalar taqdim qilindi. Oʻz navbatida, yigʻilgan jurnalistlar koʻrsatilgan eʼtibor uchun minnatdorchilik bildirishdi.