MOQ rahbari emlash jarayonidan so‘ng dzyudochilarimiz bilan uchrashdi
Xabar berganimizdek, shu kunlarda Tokio-2020 Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etuvchi delegatsiyamiz aʼzolarini koronavirusga qarshi emlash ishlari olib borilmoqda. Bugun reja bo‘yicha dzyudo bo‘yicha terma jamoamizning asosiy vakillari vaksinatsiya qilindi. Delegatsiyamizning bayroqdor jamoalaridan birining emlanishi MOQ rahbariyati nigohida bo‘ldi. Jarayonni tashkilot raisi Rustam Shoabdurahmonov, Bosh kotib Oybek Kasimov va MOQ raisining o‘rinbosari Saken Polatov kuzatib borishdi.
Shundan so‘ng MOQ raisi jamoamiz aʼzolari bilan ko‘rishdi. MOQ Majlislar zalida o‘tgan uchrashuvda Rustam Shoabdurahmonov sportchilarimiz bilan yaqindan gaplashdi va ulardan hol-ahvol so‘radi, yaqin rejalari bilan tanishdi. Qayd etish joiz, dzyudochilarimizni oldinda Olimpiadadan avval iyun oyida Budapeshtda (Vengriya) o‘tadigan jahon chempionati kutib turibdi. Shundan so‘ng Olimpiya o‘yinlari uchun reyting ochkolarini yig‘ish davri yakunlanadi. Hozirda erkaklar terma jamoamiz to‘liq tarkibda, ayollar jamoasida esa 2 nafar vakilimiz litsenzion hududda turibdi.
Rustam Shoabdurahmonov suhbatda sportchilarimizning Tokio Olimpiadasiga tayyorgarlik jarayoni hukumatimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani haqida gapirib, dzyudochilarimizning kelgusi faoliyatiga omad tilab o‘tdi.
Taʼkidlash joiz, bugun kun davomida para-eshkak eshish, dzyudo, taekvondo va zamonaviy beshkurash sport turlaridan jami 30 ga yaqin tahlillar olinib, 17 nafar vakil koronavirusga qarshi emlandi.