Malik Babayev va Andrey Abduvaliyevni tabriklaymiz!
Bugun Oʻzbekiston MOQning sobiq raisi, hozirda mamlakat boks federatsiyasi raisining maslahatchisi sifatida faoliyat olib borayotgan Malik Babayev hamda Oʻzbekiston yengil atletika federatsiyasi raisining oʻrinbosari, Olimpiada chempioni Andrey Abduvaliyev tavallud ayyomlarini nishonlashmoqda.
Malik Qurbonaliyevich Babayev 1962-yil 30-iyun kuni tavallud topgan. Poytaxtimizdagi Sharqshunoslik institutida bakalavr, Fransiyaning Lion shahridagi “Claude Bernard Lyon I” universitetining Sport menejmenti yoʻnalishida magistrlik bosqichida tahsil olgan. Sohada ulkan tajriba toʻplagach, 2001-2005-yillar MOQ Bosh kotibi, 2009-2012-yillar Qoʻmita prezidenti lavozimida faoliyat olib bordi. 2013-yildan shu paytgacha Oʻzbekiston boks federatsiyasida vitse-prezident, Bosh kotib, rais maslahatchisi kabi lavozimlarda mehnat qilib kelmoqda.
Andrey Hakimovich Abduvaliyev 1966-yil 30-iyun kuni tugʻilgan. Yengil atletikaning bosqon uloqtirish yoʻnalishi boʻyicha Barselona-1992 Olimpiya oʻyinlari chempioni. Andrey Hakimovich, shuningdek, 1993-yil Shtutgart va 1995-yil Gyoteborgda oʻtgan jahon chempionatlari gʻolibi, Osiyo chempioni va Osiyo oʻyinlari sovrindori ham sanaladi. Andrey Abduvaliyev hozirda Oʻzbekiston yengil atletika federatsiyasi raisining oʻrinbosari va Osiyo yengil atletika assotsiatsiyasi vitse-prezidenti lavozimlarida ish olib bormoqda. 2021-yil davlatimiz tomonidan “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlangan.
Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi, Sport faxriylari kengashi har ikki yurtdoshimizni tugʻilgan kunlari bilan qutlab, ularga uzoq umr va sihat-salomatlik tilab qoladi.