30 Iyun 2023 1301

Osiyo Olimpiya kengashi bilan hamkorlik yangi bosqichga koʻtarilmoqda

Poytaxtimizga Osiyo Olimpiya kengashi (OOK) Qoidalar qoʻmitasi raisi Talal Fahad Al Ahmad Al Sabah tashrif buyurdi. Safar davomida martabali mehmon ishtirokida OOK bilan hamkorlikning yangi bosqichlari muhokama qilindi. Mehmonni Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov hamda Qoʻmita raisi oʻrinbosari Azizjon Kamilov qarshi olishdi.

Uchrashuvda O.Kasimov yurtimizda Olimpiya harakati va sogʻlom turmush tarzi targʻibotiga qaratilayotgan eʼtibor, bu borada olib borilayotgan islohotlar, amaliy ishlar xususida toʻxtalib oʻtdi. A.Kamilov mamlakatimizda Xanchjou-2022 Osiyo oʻyinlari va “Toshkent-2025» yoshlar Osiyo oʻyinlariga olib borayotgan tayyorgarlik xususida maʼlumot berdi.

Oʻz oʻrnida, martabali mehmon Oʻzbekiston OOKning eng faol aʼzolaridan biri ekanini alohida taʼkidlab, yurtimiz sportining potensialiga yuqori baho berdi. Qayd etish joiz, Talal Al Sabah 8-iyul kuni oʻtadigan OOK Prezidentligiga saylovda nomzodlardan biri hisoblanadi. Uchrashuv davomida u oʻzining amalga oshirishi kutilayotgan rejalari, OOK va qitʼamiz sportining rivojlantirish boʻyicha loyihalari haqida batafsil maʼlumot berdi.

Samimiy ruhda oʻtgan suhbat davomida nafaqat OOK, balki Quvayt va Oʻzbekiston sportidagi hamkorlikning yangi qirralari xususida ham soʻz bordi.

Text to speech