27 Iyun 2023 1069

Oʻzbekiston delegatsiyasi “LONGINES GLOBAL Champions Tour 2023” musobaqasida ishtirok etdi

20-26-iyun kunlari Bahromjon Gaziyev boshchiligidagi Oʻzbekiston yilqichilik va sporti federatsiyasi mutasaddilari Fransiyaning Parij shahrida tashkil etilgan nufuzli “LONGINES GLOBAL Champions Tour 2023” musobaqasida ishtirok etishdi. Tadbir davomida hamyurtlarimiz musobaqalar tashkil etish va zotdor otlarni koʻpaytirish kabi yoʻnalishlarda qator istiqbolli kelishuvlarga erishishdi.

Mazkur tadbirda Oʻzbekiston delegatsiyasiga mamlakatimizning Fransiyadagi Favqulodda va Muxtor elchisi Sardor Rustamboyev hamrohlik qildi. B.Gaziyev safar davomida mashhur Eyfel minorasining muhandisi Gustav Eyfelning nabirasi, Fransiya ot sporti federatsiyasi vitse-prezidenti Virjini Kuper-Eyfel bilan uchrashdi. Suhbatda poytaxtimizdagi “Universal Horses Stable” ot sporti majmuasida ham nufuzli musobaqalarni oʻtkazish boʻyicha Fransiya tajribasini oʻrganish, Parijdagi mashhur “Saint Laurent” modalar uyining unga homiylik qilishi boʻyicha fikr almashildi. Shuningdek, 2025-2026-yillar davomida mamlakatimizda “Global Tour” musobaqalarini oʻtkazish boʻyicha ham kelishuvga erishildi.

“LONGINES GLOBAL Champions Tour 2023” turniri haqida toʻxtaladigan boʻlsak, bahslar Parijning ramzi boʻlmish Eyfel minorasining oldidagi Versal maydonida tashkil etildi. Qayd etish joiz, ushbu majmua 1 yildan soʻng Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlarida ot sporti boʻyicha oʻtadigan bahslarga mezbonlik qiladi. Qiziqarli kurashlarga boy oʻtgan bahslarda germaniyalik 2 karra Olimpiada sovrindori Kristian Alman gʻalaba qozondi. Bahromjon Gaziyev ushbu chavandozni muvaffaqiyat bilan qutlab, uni yurtimizda oʻtadigan musobaqalarga taklif qildi.

Text to speech