Zamonaviy beshkurashchilarimiz jahon chempionati va xalqaro yigʻinda qatnashish uchun Misrga yoʻl olishdi
Zamonaviy beshkurash boʻyicha Oʻzbekiston yoshlar terma jamoasi navbatdagi xalqaro oʻquv-mashgʻulot yigʻinini oʻtkazish uchun Misrning Iskandariya shahriga joʻnab ketdi. Misr tarafining taklifiga binoan mashgʻulotlar Arab ilm-fan va dengiz transporti texnologiyalari akademiyasida boʻlib oʻtadi.
Akademiya bu borada barcha qulayliklarga ega boʻlib, ushbu sport turi bilan shugʻullanish, sportchilarning jismoniy va texnik tayyorgarligini kuchaytirish uchun zarur anjomlar bilan jihozlangan. Mashgʻulotlarni jamoa bosh murabbiyi Vadim Chudnovskiy olib boradi. Rejaga koʻra, yigʻin davomida boshqa ishtirokchi davlatlar bilan tajriba almashish koʻzda tutilgan.
Qayd etish joiz, mashgʻulotlardan soʻng yosh atletlarimiz 12-16-iyul kunlari Iskandariyada oʻtadigan U-17 yosh toifasidagi jahon chempionatida ishtirok etishadi. Shu bois ushbu yigʻin nafaqat Xanchjou-2022 Osiyo oʻyinlari, balki boʻlajak dunyo birinchiligiga ham asosiy tayyorgarlik bosqichlaridan biri hisoblanadi.