12 May 2021 2213

Murodjon Xolmurodov Tokioda yurt sharafini himoya qiladi

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi yo‘lga qo‘ygan “Ular Tokioda yurt sharafini himoya qilishadi” loyihasini davom ettiradi. Bu gal velosportning shosse yo‘nalishi bo‘yicha Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olgan Murodjon Xolmurodov haqida batafsil maʼlumot beramiz.

Murodjon Xolmurodov 1982-yil Xorazm viloyatining Gurlan tumanida tug‘ilgan. Xalqaro toifadagi sport ustasi. Yoshligidan sportga mehr qo‘ygan qahramonimizga Mahmud Kuschanov, Ulug‘bek Haydarov va Omonboy Jumanovlardan velosportning ilk sirlarini o‘rgatgan. 1996-yil Toshkent shahridagi Respublika Olimpiya zaxiralari bilim yurtida o‘qishga qabul qilingan.

Qahramonimizning taʼkidlashicha, u velosportdan oldin boks, kurash singari sport turlari bilan shug‘ullangan. Ammo, Murodjon Xolmurodovda velosiped sportiga nisbatan o‘zgacha qiziqish va mehr paydo bo‘ladi.

1999-yildan O‘zbekiston milliy terma jamoasi aʼzosiga aylandi. 2010-yil Guanchjou (Xitoy)da XIV Osiyo o‘yinlarida ishtirok etib, 4-natijani qayd etgan.

2011-yil Tailandda o‘tgan shosse bo‘yicha Osiyo chempionatida 2-o‘rinni egallab, 2012-yil Buyuk Britaniyaning London shahrida bo‘lib o‘tadigan XXX yozgi Olimpiya o‘yinlari litsenziyasini qo‘lga kiritgan.

2013-yil Hindistonning Nyu-Deli shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida 2 yo‘nalish bo‘yicha 2 ta oltin medalga sazovor bo‘ldi. 2018-yil Indoneziyaning Jakarta shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo o‘yinlarida shossening yakkalik vaqt dasturida kumush medalga ega chiqdi. Shu yili Malayziyada Osiyo chempionatida, Tailanddagi Osiyo kubogida 3-o‘rinlarni band etgan.

2019-yil poytaxtimizda o‘tgan veloshosse bo‘yicha Osiyo chempionatida qayd etgan natijasi bilan Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma oldi.

Text to speech