26 Iyun 2023 1060

Boku mamlakatlarning sport sohasidagi doʻstlik platformasiga aylandi

Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikramov hamda Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov ayni kunlarda Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida xizmat safarida boʻlib turishibdi. Mutasaddilar 26-29-iyun kunlari ushbu shaharda oʻtadigan Jismoniy tarbiya va sportga masʼul vazir hamda yuqori mansabdor shaxslarning yettinchi xalqaro anjumanida (MINEPS VII) ishtirok etishadi. Unda 50 dan ortiq mamlakatdan tashrif buyurgan delegatlar qatnashmoqda.

Tadbir davomida sohadagi hamkorlik aloqalarini yanada kuchaytirish yuzasidan qator kelishuvlarga erishilmoqda. Jumladan, Adham Ikramov Eron Sport va yoshlar vaziri Hamid Sajjadi bilan uchrashuv oʻtkazdi. Taʼkidlash joiz, har ikki davlat Prezidentlari bir necha kun avval Tehronda oʻzaro uchrashishgan edi. Suhbatda mamlakat rahbarlarining doʻstona siyosatini sport sohasida davom ettirish, oʻzaro tajriba almashish kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Shuningdek, A.Ikramov hamda O.Kasimov Ozarbayjon Yoshlar va sport ishlari vaziri Farid Gayibov hamda mamlakat Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Azer Aliyev bilan ham uchrashishdi. Suhbat davomida har ikki davlat oʻrtasida sohaga oid hamkorlikni kuchaytirish va mustahkamlash kun tartibining asosiy mavzularidan biri boʻldi. Rejaga koʻra, tashrif davomida yana bir qator mamlakatlarning sport sohasidagi yetakchilari bilan ham uchrashuvlar tashkil etilishi koʻzda tutilgan.

Text to speech