25 Iyun 2023 4052

Xalqaro Olimpiya kuni va Yoshlar kuniga bagʻishlab oʻtkazilgan ommaviy yugurish musobaqasi 60 mingdan ziyod yoshlarni qamrab oldi

Maʼlum qilganimizdek, bugun butun Respublikamiz boʻylab 23-iyun – Xalqaro Olimpiya kuni hamda 30-iyun Yoshlar kuniga bagʻishlangan “Yangi nafas” ommaviy yugurish musobaqasi oʻtkazildi. Yurtimizning 16 shahrini qamrab olgan ushbu tadbirning Toshkent shahridagi bahslari ham yuqori saviyada tashkil etildi.

Musobaqaning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi xavfsizlik kengashi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy Olimpiya qoʻmitasi mutasaddilari ishtirok etishdi. Marosimda soʻz olgan rasmiylar mamlakatimizda yosh avlodning bugungi kunda sport bilan shugʻullanishlari uchun yaratilayotgan sharoitlar, Prezidentimiz tomonidan bu borada olib borilayotgan islohotlar haqida toʻxtalib oʻtishdi. Shuningdek, tadbir davomida Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi Prezidenti Tomas Baxning Olimpiya kuni munosabati bilan yoʻllagan bayram tabrigi ham qoʻyib berildi.

Qayd etish joiz, ushbu musobaqada mamlakatimiz vakillaridan tashqari qoʻshni Qozogʻiston, Tojikiston va Qirgʻizistondan tashrif buyurgan sportchilar, qolaversa, yurtimizda faoliyat olib borayotgan diplomatik korpus vakillari ham ishtirok etishdi. Butun Respublikamiz boʻylab oʻtgan tadbir Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Milliy Olimpiya qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, barcha shahar va viloyat hokimliklari hamkorligida tashkil qilindi. Musobaqaning bosh hamkori “Oʻzbekneftgaz” AJ boʻlib, tadbirning tashkiliy, tadbirning texnik-tayyorgarlik ishlari Oʻzbekiston yengil atletika federatsiyasi tomonidan amalga oshirildi. 

Raqamlar xususida toʻxtaladigan boʻlsak, ushbu ommaviy yugurish musobaqasida Respublikamiz boʻyicha jami 60 mingdan ziyod ishtirokchi qatnashdi. Ular orasida 17 mingga yaqin talabalar, shuningdek, harbiy oʻquv yurtlarining kursantlari va bitiruvchilaridan iborat Vatan Qalqoni harbiy-vatanparvarlik guruhi ham bor.

Fargʻona, Namangan, Buxoro, Samarqand, Nukus shaharlarida 1 milya (1609 metr) va 3 km, Andijon, Guliston, Nurafshon, Jizzax, Termiz, Navoiy, Qorovulbozor, Qarshi, Urganch va Gʻuzor shaharlarida 3 km masofada bahslar boʻlib oʻtdi. “Humo arena” majmuasining oldidagi maydon mezbonlik qilgan Toshkent shahridagi bahslar esa 1 milya, 3 km va 10 km masofalarda tashkil etildi. Musobaqaning shiori esa Xalqaro Olimpiya kunining 75 yilligi munosabati bilan ilgari surilgan #LetsMove (“Keling, harakatlanamiz”) xeshtegi boʻldi.

Bugun kechki dasturda Toshkent shahridagi “Milliy bogʻ” maskanida poytaxtimizda oʻtgan musobaqaning gʻolib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtadi.

Text to speech