Rustam To‘laganovning “olamsport.com” saytiga bergan intervyusi yuzasidan munosabat
Kecha boks bo‘yicha Rio-2016 Olimpiya o‘yinlari sovrindori Rustam To‘laganov bilan “olamsport.com” sayti va uning “YouTube” tarmog‘idagi sahifasida video ko‘rinishida intervyu chop etildi. Bokschimiz suhbat davomida “Olimpiadada (Rio-2016 nazarda tutilmoqda) har bir sportchiga telefon va “sutochniy” pul berilgan 400 yoki 300 dollar. 2 odam turib olib, o‘shani bo‘lishib olmoqchi bo‘lishdi. Man ichkarida og‘ir ahvolda yotibman. Ular mani telefonim va pulimni bo‘lishvotti. Bu qanaqa isnod? … Davlatning manda qarzi bor … 3 yil to‘lashmagan manga “Olimpiyskiy” stipendiyamni”, degan jumlalarni gapirib o‘tdi.
Taʼkidlash joizki, Rustam To‘laganov Rio-2016 Olimpiya o‘yinlarida sovrindor bo‘lgach, hukumatimiz tomonidan belgilangan 75 ming AQSH dollari miqdoridagi mukofot puli, “Malibu” avtomobili, poytaxtimizdagi Sergeli tumanidan yer maydoni bilan taqdirlangan. Davlatimiz tomonidan “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” faxriy unvoni bilan mukofotlandi. Shuningdek, intervyuda xuddi o‘zi aytib o‘tgani kabi, unga belgilangan tartibda Olimpiada sovrindori uchun beriladigan umrbod oylik nafaqa ham to‘lab kelinmoqda. Qolaversa, karantin cheklovlari kuchaytirilgan davrda Olimpiyachilarimizni qo‘llab-quvvatlash maqsadida uning hisob raqamiga jami 45 million so‘m miqdorida mablag‘ o‘tkazib berildi. Davlatimiz Olimpiada sovrindorlariga shunchalik katta eʼtibor qaratmoqda. Taqqoslab ko‘ring, dunyoda sport taraqqiy etgan qator davlatlarda Olimpiada chempionlari quyidagicha taqdirlanadi: Germaniya – 19 500, AQSH – 25 000, Xitoy – 31 400 AQSH dollari. Rio-2016 Olimpiadasidan so‘ng hatto Buyuk Britaniyada Olimpiada chempioniga ham, sovrindoriga ham mukofot puli to‘lanmagan. Shunday ekan, sportchilariga barcha sharoitlarni yaratib berayotgan va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgan davlatning Rustam To‘laganovdan hozirgi paytda qarzi bo‘lishi mumkinmi?
Rio-2016 Olimpiadasi mobaynida esa har bir sportchiga ajratilgan telefon va sutkalik yashash uchun pullarini Rustam To‘laganov to‘liq olgan. U taʼkidlagan va MOQ berishi kerak bo‘lgan 3 yillik to‘lov esa Olimpiya o‘yinlariga tayyorlanayotgan terma jamoa vakillarini rag‘batlantirish uchun to‘lanadigan stipendiya hisoblanadi. Rustam To‘laganov Rio-2016 Olimpiadasidan so‘ng 10 oy terma jamoa bilan mashg‘ulotlarda ishtirok etmadi. Bu tabiiy hol, sportchi bu davrda Olimpiadaga olib borilgan uzoq muddatli tayyorgarlikdan so‘ng hordiq chiqargan bo‘lishi mumkin. Biroq undan keyingi davrda faoliyatining asosiy qismini professional boksda davom ettirdi va Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘radigan tarkibdan o‘rin olmadi. Shunday ekan, bu borada unga to‘lanishi zarur bo‘lgan mablag‘ haqida gap bo‘lishi mumkin emas.
O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Rustam To‘laganovning o‘zbek sporti, xususan, boksimiz rivoji yo‘lida qo‘shgan ulkan hissasini qadrlaydi. Biroq uning o‘sha intervyuda unga to‘lanishi zarur bo‘lgan pul mablag‘lari haqidagi fikrlarini asossiz deb hisoblaydi. Agar sportchimizning Qo‘mitaga nisbatan boshqa gaplari va eʼtirozlari bo‘lsa, uni ochiq oydin, isbot va dalillari bilan keltirib o‘tishini so‘raymiz. Milliy Olimpiya qo‘mitasi har bir atletimiz, murabbiylarimiz va federatsiyalarimizning fikr-mulohazalarini, yuzaga kelayotgan muammolarni ichidan o‘rganishga doimo tayyor ekanini maʼlum qiladi. Zero, MOQ o‘zbek sporti oilasi uchun xizmat qiladi.
Shu bilan birgalikda, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasining eshigi sportchilar tomonidan bildiriladigan talab, taklif va shikoyatlarni ko‘rib chiqish uchun ochiq ekanligini, har qanday murojaatni o‘rganib chiqib, unga xulosa berilishini, OAVda bu kabi materiallarni chop etishdan oldin rasmiy (yozma) murojaat bilan chiqib, o‘zaro hurmat va sportcha birdamlik kabi g‘oyalarni esdan chiqarmaslik maqsadga muvofiq bo‘lishini eslatib o‘tamiz.