12 May 2021 2297

Sitora Hamidova hamda G‘iyosjon Boboyevni tabriklaymiz!

Bugun yengil atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi aʼzosi Sitora Hamidova hamda mahoratli dzyudochimiz G‘iyosjon Boboyev tavallud ayyomini nishonlashmoqda.

Sitora Hamidova 1989 yil 12 may kuni Termiz shahrida tug‘ilgan. Rio-2016 Olimpiya o‘yinlari va Indoneziyada o‘tgan (2018) Osiyo o‘yinlari ishtirokchisi. 10 ming metr, yarim marafon va marafon yo‘nalishlarida yugurish bo‘yicha ixtisoslashgan sportchimiz faoliyati davomida ko‘plab nufuzli musobaqalarda yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan. Hamidova ko‘p karra O‘zbekiston chempioni, shuningdek, 10 ming metr va yarim marafon yo‘nalishlarida mamlakat rekordchisi hisoblanadi.

G‘iyosjon Boboyev 1993 yil xuddi shu sanada Buxoro viloyatida tavallud topgan. Dzyudo bo‘yicha -73 va -81 kg vazn toifalarida terma jamoamiz sharafini himoya qiladi. Boboyev faoliyatidagi asosiy yutuqlarga -73 kg vazn toifasida erishgan. Bu davrda u Gran-pri toifasidagi musobaqalarda 1 ta oltin. 2 ta kumush va 1 ta bronza, “Katta dubulg‘a” musobaqalarida esa 1 ta kumush va 1 ta bronza medallariga sazovor bo‘lgan. Jahon chempionati va Masters musobaqalarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan. Hozirda -81 kg vazn toifasida ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Sitora Hamidova hamda G‘iyosjon Boboyevni bugungi tavallud ayyomi bilan tabriklab, ularga sihat-salomatlik, uzoq umr va ulkan zafarlar tilab qoladi.

Text to speech