21 Iyun 2023 1792

Oʻzbekiston va Qatar sportidagi hamkorlikning yangi qirralari muhokama qilindi

Ayni kunlarda Osiyo Olimpiya Kengashi (OOK) va Qatar Olimpiya qoʻmitasi vitse-prezidenti Tani ibn Abdulrahmon Al Quvari poytaxtimizda mehmon boʻlib turibdi. Ushbu tashrifdan Oʻzbekiston va Qatar mamlakatlari oʻrtasida sport sohasida yaqin hamkorlikni kuchaytirish koʻzda tutilgan. Dastavval, Yoshlar siyosati va sport vazirligida martabali mehmon bilan ushbu yoʻnalishdagi mavzular muhokama qilindi. Mehmonlarni vazir Adham Ikramov va OOK vitse-prezidenti Otabek Umarov qarshi olishdi.

Shundan soʻng har ikki tomon oʻrtasidagi doʻstona aloqalarni yanada mustahkamlash masalalariga bagʻishlangan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda Qatarning Oʻzbekistondagi Favquloddagi va Muxtor elchisi Hasan Hamza Hoshim, Vazir oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov hamda MOQ raisi oʻrinbosari Azizjon Kamilov ham ishtirok etishdi.

Uchrashuvning ikkinchi qismi Milliy Olimpiya qoʻmitasida davom etdi. Unda mehmonni Qoʻmita Bosh kotibi Oybek Kasimov va Azizjon Kamilov kutib olishdi. Suhbat davomida Oybek Omilovich yurtimizning har bir hududida Olimpiya targʻibotini kuchaytirish, yakkakurash sport turlarida iqtidorlarni yoshlarni seleksiya qilish, Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga tayyorlash tizimi haqida maʼlum qildi. Shuningdek, MOQ Bosh kotibi yaqinlashib kelayotgan Olimpiya kunini katta masshtabdagi ommaviy yugurish musobaqasi bilan kutib olishga tayyorgarlik koʻrilayotgani qoʻshimcha qildi.

Uchrashuv davomida har ikki Milliy Olimpiya qoʻmitalari oʻrtasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, “Toshkent-2025” yoshlar Osiyo oʻyinlariga hamkorlikda tayyorgarlik koʻrish, terma jamoalar oʻrtasida oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini koʻproq tashkil etish, zamonaviy sport obyektlarini qurish va bu borada oʻzaro tajriba almashish mavzulari muhokama qilindi.

Maʼlumki, Qatar soʻnggi yillarda sport dunyosida katta mavqega ega mamlakatga aylanib ulgurdi. Mamlakat bir qator sport turlari, xususan, futbol boʻyicha jahon chempionatini yuqori saviyada oʻtkazgani bundan yaqqol darak beradi. Shuningdek, Qatar 2030-yil yozgi Osiyo oʻyinlarini qabul qiladi. O.Umarov “Toshkent-2025” yoshlar Osiyo oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrish va boshqa yirik xalqaro musobaqalarni oʻtkazishda ushbu davlat tajribasini oʻrganish borasida oʻz takliflarini ilgari surdi.

Oʻz oʻrnida, Qatar tomoni oʻzbek sportining kuchli maktabga ega ekani, ayniqsa, yakkakurash turlarida atletlarimizning jahonda yetakchilar qatoriga kirishini alohida taʼkidladi. Shuningdek, mehmonlar oʻzbek sporti bilan hamkorlik qilishdan mamnun boʻlishlarini bildirdilar.

Text to speech