Zamonaviy beshkurashchilarimiz Markaziy Osiyo kubogida oltita medalni qo’lga kiritishdi
14-18-iyun kunlari Qirg’iziston poytaxti Bishkek shahrida zamonaviy beshkurash bo’yicha Markaziy Osiyo kubogi bo’lib o’tdi. Unda qatnashgan O’zbekiston terma jamoasi a’zolari 2 tadan oltin, kumush va bronza, jami 6 ta medalga sazovor bo’lishdi.
U-19 yosh toifasida Aleksandr Kukuanudis 1136 ball bilan Qirg’iziston va Qozog’iston vakillarini ortda qoldirgan holda oltin medal sohibiga aylandi. Ushbu yosh toifasida kechgan bahslarda hamyurtlarimiz Samira Abzalova oltin, Kira Tsoy kumush medalni qo’lga kiritdi. Mazkur yosh toifasida yigitlarimiz jamoaviy dasturda (Aleksandr Kukuanudis, Asliddin Baxtiyorov, Azizbek Mo’minov) kumush medalga ega chiqishdi.
Shuningdek, kattalar o’rtasidagi bellashuvlarda o’z omadini sinab ko’rgan Samira Abzalova shohsupaning uchinchi pog’onasidan joy oldi. Yigitlarimiz esa kattalar toifasida bronza medali bilan taqdirlanishdi.