19 Iyun 2023 1294

MOQ raisi oʻrinbosari Azizjon Kamilovni tabriklaymiz!

Bugun Milliy Olimpiya qoʻmitasi raisi oʻrinbosari, Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov tavallud ayyomini nishonlamoqda.

Azizjon Yakubjanovich Kamilov 1984-yil 19-iyun kuni tugʻilgan. Hozirda MOQ raisi oʻrinbosari, Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasining raisi lavozimlarida faoliyat olib bormoqda.

Azizjon Yakubjanovich mamlakat dzyudo federatsiyasi boshqaruvida katta islohotlarni amalga oshira oldi. 2019-yil dzyudo boʻyicha Toshkent “Katta dubulgʻa” turnirining “Humo arena” muz saroyida oʻtishi, 2022-yil Oʻzbekiston oʻz tarixida ilk bor kattalar oʻrtasidagi jahon chempionatiga mezbonlik qilishi, terma jamoamiz boshqaruvida jahon dzyudosining afsonaviy vakili, Afina-2004 Olimpiya oʻyinlari chempioni Ilias Iliadis kabi murabbiyning ish boshlashi, bunga javoban dzyudochilarimizning jahon arenalaridagi ulkan gʻalabalarida ushbu insonning xizmatlari katta. Qayd etish joiz, Azizjon Kamilov rahbarligida ilk bor mamlakatimiz “Katta dubulgʻa” turnirini qabul qildi, Olimpiya oʻyinlariga qoʻlga kiritilgan yoʻllanmalarimiz soni boʻyicha rekord yangilanib, Tokio-2020 da ushbu sport turida delegatsiyamiz hisobiga 1 ta bronza medali yozib qoʻyildi. Poytaxtimizda oʻtgan dunyo birinchiligida esa terma jamoamiz 2 ta oltin medal bilan umumjamoa hisobida uchinchi oʻrinni egalladi.

Azizjon Yakubjanovichning tashabbusi bilan Xalqaro dzyudo federatsiyasi bilan hamkorlikda Oʻzbekistonda “Maktablarda dzyudo” dasturi yoʻlga qoʻyildi va uning doirasida Xalq taʼlimi vazirligi bilan hamkorlikda 12 viloyatda 14 ta ana shunday yengil konstruksiyali zallar barpo etildi. Ularda bugungi kunda minglab yoshlarimiz sevimli sportlari bilan shugʻullanishmoqda. Mamlakatimizda ommaviy sport, qolaversa, dzyudo sportini rivojlantirishdagi xizmatlari uchun “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlangan.

Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Azizjon Kamilovni bugungi tavallud ayyomi bilan tabriklab, u kishiga uzoq umr, sihat-salomatlik va ulkan gʻalabalar tilab qoladi.

Text to speech