15 Iyun 2023 1527

Oʻzbek qilichbozligining afsonasi Sobir Roʻziyev 70 yoshda!

Bugun qilichbozlik boʻyicha oʻzbek sportining afsonaviy vakillaridan biri, ikki karra jahon chempioni va Olimpiya oʻyinlarining kumush medal sohibi Sobirjon Roʻziyev oʻz tavallud ayyomini nishonlamoqda. Shu munosabat bilan, bugun MOQda Sobir Sobitovichni tabriklash marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikramov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qoʻmita raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov, Bahodir Maxsitov boshchiligidagi sport faxriylari kengashi aʼzolari ishtirok etishdi.

Tadbir avvalida soʻz olgan Adham Ilhamovich S.Roʻziyevning oʻzbek sporti, xususan, jismoniy tarbiya va sport, qilichbozlik sportining rivojiga qoʻshgan ulkan hissasini alohida eʼtirof etdi. Shuningdek, davlatimiz tomonidan sport faxriylari hamisha eʼtiborda boʻlishlari, ular hamisha ijtimoiy qoʻllab-quvvatlanishi haqida qoʻshimcha qildi. Oʻz navbatida, Oybek Kasimov ham kun qahramonining Olimpizm harakatini targʻib qilishdagi koʻp yillik samarali faoliyatini alohida taʼkidladi. Shundan soʻng, Sobir Sobitovichga MOQning esdalik medali taqdim qilindi.

Maʼlumot uchun, Sobirjon Roʻziyev 1953-yil 15-iyun kuni tugʻilgan. Sobirjon Sabitovich qilichbozlikning rapira yoʻnalishi boʻyicha Moskva-1980 Olimpiya oʻyinlari finalchisi, ikki karra jahon chempioni hisoblanadi. Sobirjon aka sportchilik faoliyatini yakunlaganidan soʻng Oʻzbekiston Davlat jismoniy tarbiya va sport qoʻmitasi raisi (1992-1995), shuningdek, 1994-2003-yillar mobaynida Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi prezidenti lavozimida samarali mehnat qilgan. S.Roʻziyev Xalqaro Olimpiya qoʻmitasining kumush, Osiyo Olimpiya kengashi va Milliy Olimpiya qoʻmitalari assotsiatsiyasining oltin ordenlari sohibi hisoblanadi.

Faoliyati davomida qayd etgan natijalari uchun “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sportchi” (1992) faxriy unvoni, Oʻzbekiston Respublikasi Faxriy yorligʻi (1994) bilan taqdirlangan.

Tadbir yakunida soʻz olgan Sobir Roʻziyev koʻrsatilgan bunday eʼtibor va gʻamxoʻrlikdan mamnun ekanini bildirib, bundan keyin ham yurtimiz sporti rivoji uchun qoʻldan kelgan barcha yordamni ayamaslikka tayyor ekanini bildirdi.

Text to speech