15 Iyun 2023 2166

O‘zbekiston basketbol federatsiyasiga yangi rahbar saylandi

Bugun O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston basketbol federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda federatsiyaga yangi rais saylash kun tartibidagi asosiy masala bo‘ldi.  

Tadbirda Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikramov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qo‘mita raisining o‘rinbosari Sherzod Tashmatov, Sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov, Federatsiya mutasaddilari va uning hududiy vakillari, sport faxriylari ishtirok etishdi. 

Konferensiyani Adham Ikramov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Vazir basketbolning nafaqat professional, balki ommaviy sportda ham tutgan o‘rni xususida to‘xtaldi. Ushbu sport turi bilan shug‘ullanish uchun imkoniyatlar ko‘pligi, har bir taʼlim dargohlari va mahallalarda sport maydonlarining mavjudligi, “5 tashabbus olimpiadasi” musobaqasiga stritbol yo‘nalishining kiritilgani uning ommaviyligini oshirishda yordam berishini qo‘shimcha qildi.

Dastavval, boshqa ishga o‘tgani sababli O‘zbekiston basketbol federatsiyasi raisi lavozimida ishlab kelgan Ruslanbek Davletov o‘z xohishiga ko‘ra yozgan arizasi ko‘rib chiqildi va delegatlar tomonidan qanoatlantirildi. 

Shundan so‘ng yig‘ilish kun tartibidagi asosiy masalaga o‘tildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri Maxkamov Ilhom Rustamovichning nomzodi O‘zbekiston basketbol federatsiyasi raisi lavozimiga taklif etildi va konferensiya ishtirokchilari  tomonidan bir ovozdan maʼqullandi. Shu tariqa Ilhom Maxkamov O‘zbekiston basketbol federatsiyasi raisi etib saylandi.

Maʼlumot uchun, Ilhom Maxkamov 1979 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. Uzoq yillardan beri kommunal sohada, xususan, “O‘zkommunxizmat” agentligining bosh direktori, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Kommunal soha, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari axborot-tahlil departamenti mudiri ishlagan. 2021 yildan O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri lavozimida faoliyat yurityapti. 

Oybek Kasimov va tadbirda so‘z olgan boshqa ishtirokchilar federatsiyaning yangi rahbariga mamlakatimizda basketbol sporti rivojini yangi darajaga olib chiqish, terma jamoalarimizni nafaqat yurtimiz, balki jahonda yetakchilar qatoriga qo‘shish yo‘lidagi ishlarida kuch-g‘ayrat tilashdi.

O‘z o‘rnida, Ilhom Maxkamov bildirilgan ishonchni oqlashga, basketbol sportini mamlakatimizda yana-da ommalashtirish, sportchilarimiz uchun barcha sharoitlarni yaratib berishga vaʼda berdi. Shuningdek, kelgusida terma jamoalarning xalqaro maydondagi ishtirokini ko‘paytirish, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini tashkil etilishini maʼlum qildi. 

Tadbir davomida ayni paytdagi mavjud muammolar, ularni bartaraf etish masalalari ko‘rib chiqilib, dastlabki rejalar kelishib olindi. Shuning bilan, O‘zbekiston basketbol federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi o‘z ishini yakunladi.

Text to speech