13 Iyun 2023 1089

Sportsevar yoshlar uchun bayram yaqin

Oʻtgan yildan boshlab 23-iyun – Xalqaro Olimpiya kuni hamda 30-iyun – Yoshlar kuniga bagʻishlab “Yangi nafas” xalqaro yugurish musobaqasini oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi. Bu yil ham ushbu sport bayramini katta shodiyona bilan oʻtkazish koʻzda tutilgan boʻlib, 25-iyun sanasida butun Respublikamiz boʻylab “Yangi Nafas” xalqaro yugurish musobaqasi tashkil etiladi. Bugun Oʻzbekiston yengil atletika federatsiyasida ushbu tadbir tayyorgarligiga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Unda Yoshlar siyosati va sport vazirining oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov, MOQ hamda Oʻzbekiston yengil atletika federatsiyasi mutasaddilari, tashkiliy qoʻmita aʼzolari hamda OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Dastavval tashkiliy qoʻmita aʼzolari tadbir haqida batafsil maʼlumot berishdi. Unga koʻra, 25-iyun kuni bir vaqtning oʻzida Yoshlar kuniga bagʻishlab Respublikamizning 16 ta shahrida “Yangi nafas” ommaviy yugurish musobaqasi, shuningdek, “Vatan qalqoni” harbiy-vatanparvarlik ruhidagi bellashuvlar oʻtkaziladi. Qolaversa, Xalqaro Olimpiya kuni munosabati bilan 1 milya (taxminan 1.6 km) masofaga teng ramziy yugurish bahslari ham boʻlib oʻtadi.

Toshkentda oʻtkaziladigan sport tadbirining ishtirokchilari uchun tanlov asosida 3 ta masofa taqdim etiladi: 1 milya (1609 m), 3 km, 10 km. Fargʻona, Namangan, Buxoro, Samarqand va Nukus shaharlarida – 1 milya va 3 km, Andijon, Nurafshon, Guliston, Jizzax, Termiz, Navoiy, Qorovulbozor, Qarshi, Gʻuzor, Urganchda yuguruvchilar 3 km masofada musobaqalashadi.

Xalqaro Olimpiya kunini nishonlash boʻyicha XOQning ushbu yildagi murojaati ham ommaviy yugurish mavzusiga yaqin boʻlib, kundalik jismoniy faoliyatni ragʻbatlantirgan holda #LetsMove xeshtegi ostida boʻlib oʻtadi. 25-iyun kuni kutib turgan tadbirda yurtimizning taniqli sportchilari ham ishtirok etishi kutilmoqda.

Musobaqada 9 yoshdan katta barcha koʻngillilar qatnashishi mumkin. Barcha shaharlarda Toshkent vaqti bilan 06:00 da poygaga start beriladi. Rejaga koʻra, poytaxtimizda 5500, Samarqandda 2300 va qolgan 14 shaharda esa 2000 ga yaqin ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda.

Text to speech