Oʻzbekiston va Oʻmon Sultonligi sportidagi aloqalar mustahkamlanmoqda
Bugun Umon Sultonligi Sport taʼminoti va rivojlantirish boʻyicha bosh direktori Xisham Al Sinani, mamlakat ogʻir atletika qoʻmitasi raisi Aidx Al Madxari hamda qoʻmita menejeri Yusuf Al Hasani Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasiga tashrif buyurishdi. Rasmiylarni MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov qarshi oldi. Mehmonlar Qoʻmitada yaratilgan sharoitlar va ayniqsa, uning qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.
Oybek Omilovich Xisham Al Sinani boshchiligidagi delegatsiyaga oʻzbek sportining shonli tarixi, Yurtboshimiz tomonidan mamlakatimizda Olimpizm harakati va sogʻlom turmush tarzi targʻibotini kuchaytirishga qaratilayotgan eʼtibor xususida batafsil maʼlumot berdi. Oʻmonlik mutasaddilarda MOQ qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi katta qiziqish uygʻotdi. Ular tashkilot faoliyati bilan yaqindan tanishib, atletlar uchun markazlashgan tizimda xizmat koʻrsatuvchi bunday muassasa borligi professional sportda katta natijalarga erishishda ulkan hissa qoʻshishini taʼkidlashdi. Qolaversa, sport yutuqlarida tibbiy taʼminotning oʻrni muhimligini inobatga olib, undagi ilmiy yoʻnalishga alohida yondashishni maqsad qilishganini qoʻshimcha qilishdi.
Shundan soʻng tomonlar oʻzaro hamkorlik masalalarini muhokama qilishdi. Qayd etish joiz, ogʻir atletika boʻyicha Oʻmon terma jamoasi yirik musobaqalarga tayyorgarlik koʻrishda hamyurtlarimiz bilan birga qoʻshma oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarida ishtirok etadi. Shuningdek, suhbatda kelgusida boshqa sport turlarida ham bunday hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, zamonaviy sport yutuqlari boʻyicha tajriba almashish kabi mavzular atroflicha muhokama qilindi.