Olimpiada sovrindorlari Abbos Atoyev va Davlat Bobonovni tabriklaymiz!
Bugun boks boʻyicha London-2012 Olimpiadasi sovrindori Abbos Atoyev va dzyudo boʻyicha Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlari qahramonlaridan biri Davlat Bobonov tugʻilgan kunlarini nishonlashmoqda.
Abbos Atoyev 1986-yilning 7-iyunida Buxoro viloyati Vobkent tumanida tavallud topgan. Boks boʻyicha 2007 va 2009-yillarda boʻlib oʻtgan jahon chempionatlarining oltin medal sohibi. Shuningdek, u 2007-yilda Osiyo chempionati gʻolibi boʻlgan. 2010-yilgi Osiyo oʻyinlarida kumush medal, 2012-yil Londonda boʻlib oʻtgan Olimpiadada bronza medalini qoʻlga kiritgan. Ushbu natijalari evaziga “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sportchi”, “Oʻzbekiston iftixori” faxriy unvonlari bilan taqdirlangan.
Davlat Bobonov 1997-yil Navoiy viloyatida dunyoga kelgan. Samarqand dzyudo maktabi tarbiyalanuvchisi. Kurashchilar oilasida tugʻilgan Bobonov oʻz hayotini dzyudo bilan bogʻladi va ushbu sport turida yoshlar oʻrtasida Osiyo chempionati (2016), Toshkent Gran-prisi (2016), Dyusseldorf (2020) va Toshkent (2023) “Katta dubulgʻa” turnirlari gʻolibiga aylandi. 2020-yil Oʻzbekistonning eng yaxshi sportchisi deb topilgan. 2021-yil dzyudochimiz uchun yanada ulkan muvaffaqiyatlarga boy boʻldi. Bobonov dastlab Qirgʻizistonda oʻtgan Osiyo chempionatida oltin, Budapesht mezbonlik qilgan jahon chempionatida kumush, Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlarida esa bronza medallarini qoʻlga kiritdi. 2022-yil yurtimizda ilk bor oʻtkazilgan jahon chempionatida -90 kg vazn toifasida oltin medalni qoʻlga kiritdi. Erishgan muvaffaqiyatlari evaziga davlatimiz tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sportchi” faxriy unvoni bilan mukofotlangan.
Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi har ikki sportchimizni bugungi tavallud ayyomi bilan tabriklab, ularga uzoq umr, sihat-salomatlik va ulkan zafarlar tilab qoladi.