Zamonaviy beshkurashchilarimiz xorij yigʻiniga yoʻl olishdi
Zamonaviy beshkurash boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi 5-iyun kuni navbatdagi oʻquv-mashgʻulot yigʻinini oʻtkazish uchun Qirgʻiz Respublikasiga joʻnab ketdi. Mashgʻulotlar Issiq-Koʻl viloyatida joylashgan “Dolen” sport bazasida olib boriladi. Rejaga koʻra, yigʻin 21-iyunga qadar davom etadi. Unda murabbiylar sportchilarimizni Markaziy Osiyo kubogi, shuningdek, joriy yil davomida oʻtadigan boshqa nufuzli musobaqalarga tayyorlashi koʻzda tutilgan.
Ushbu yigʻinda terma jamoamiz vakillarining ishtirok etishi alohida ahamiyatga ega. Boisi unda Qirgʻiz Respublikasi, Qozogʻiston va Tailand terma jamoalari ham qatnashib, ularning imkoniyatlarini oʻrganish, oʻzaro tajriba almashish rejalashtirilgan.
Sportchilarimiz yil davomida tashkil etilayotgan yigʻinlarda faol ishtirok etishmoqda. Mashgʻulotlarda yosh atletlarimizning jismoniy tayyorgarligini kuchaytirish, har bir yoʻnalish boʻyicha texnikalarini oshirishga alohida eʼtibor berilyapti. Oʻtkazilayotgan bunday yigʻinlar terma jamoa aʼzolarining kuchli va zaif nuqtalarini aniqlash boʻyicha kerakli xulosalarni chiqarishga yordam beradi.