5 Iyun 2023 1188

Velosportchimiz Serbiyadagi turnirda ikkinchi boʻldi

3-4-iyun kunlari Serbiya poytaxtida velosportning shosse yoʻnalishi boʻyicha “Belgrade Grand Prix woman tour” musobaqasi boʻlib oʻtdi. Ikki bosqichdan iborat turnir «2.2 — Stages — Class 2» tasnifidan oʻrin olib, unda Oʻzbekiston ayollar terma jamoasi ham ishtirok etdi.

Musobaqaning ikkinchi kun poygasi hamyurtlarimiz uchun omadli oʻtdi. Unda “Tashkent City Women Professional Cycling Team” klubi aʼzosi Nafosat Koziyeva ikkinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi. Ahamiyatlisi, 80 km masofaga kechgan poygada 4 nafar sportchi finishda bir xil natija (2 soat, 5 daqiqa, 49 soniya) koʻrsatdi. Bir necha santimetrlar gʻolib nomini aniqlab bergan dasturda kuchli toʻrtlik quyidagicha koʻrinish oldi:

1. Monika Brzezna (Polsha)
2. Nafosat Koziyeva (Oʻzbekiston)
3. Alina Bogdan (Ukraina)
4. Shahnoza Abdullayeva (Oʻzbekiston)

Musobaqa yakunida 3 nafar hamyurtimiz Sofiya Karimova (6), Yanina Kuskova (8), Margarita Misyurina (10) kuchli oʻnlikdan joy olib, Parij-2024 Olimpiadasi yoʻllanmasi uchun reyting ochkolarini jamgʻarishdi. Reglamentga muvofiq, har ikki bosqichda kuchli beshlikdan joy olgan atletlar ham oʻz hisoblarini qimmatli ochkolar bilan boyitib olishdi. Yana bir ahamiyatli tomoni, Sofiya Karimova 23 yoshgacha boʻlgan sportchilar orasida umumiy hisobda uchinchi natijani qayd etdi.

Text to speech