5 Iyun 2023 1081

“Maxsima Masters Eurasia Cup 2023” oʻzbek chavandozlarining benefisiga aylandi

Moskvada “Horseka” ot sporti klubida “Maxsima Masters Eurasia Cup 2023” musobaqasi oʻz yakuniga yetdi. Musobaqaning har bir kunida sovrinli oʻrinlardan joy olgan Oʻzbekiston terma jamoasi vakillari soʻnggi kun dasturida ham muvaffaqiyatli ishtirok etishdi.

Hamyurtimiz Xurshidbek Alimjonov asosiy yoʻnalishlardagi gʻalabasi bilan koʻplab mutaxassislarning eʼtiborini jalb qildi. Chavandozimiz oxirgi kunda “Bozart De Ruet” laqabli tulpori bilan 145 smli Gran-pri yoʻnalishida gʻolibona yurishini davom ettirdi. Ushbu dasturda qatnashgan boshqa bir vakilimiz Aʼzam Tolibboyev esa toʻrtinchi pogʻonadan joy oldi.

Qayd etish joiz, bu sportchilarimiz qoʻlga kiritgan oltin medallarning yakuni emas. 120-130 sm balandlikdagi 19 ta toʻsiqdan sakrash yoʻnalishida musobaqa qahramoni Xurshidbek Alimjanov “Kornets Krek” bilan yana bir gʻalabani tantana qildi. 130 sm balandlikdagi toʻsiqlardan sakrash boʻyicha oʻtgan dasturda “Leo King” laqabli tulporida harakat qilgan Bekzod Qurbonov uchinchi oʻrinni egalladi.

Shuningdek, Alena Derevyanko Yekaterinburgda oʻtgan “Maxsima Masters Eurasia Cup” ot yoʻrttirish turnirida faxrli ikkinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi.

Text to speech