MOQ raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatovni tabriklaymiz!
Bugun MOQ raisi oʻrinbosari, Oʻzbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi raisi Sherzod Tashmatov oʻz tavallud ayyomini nishonlamoqda.
Sherzod Rixsibayevich Tashmatov 1979-yil 5-iyun kuni tugʻilgan. Umrining asosiy qismini oʻzbek sportini rivojlantirishga bagʻishlagan professional sport menejeri faoliyati davomida Oʻzbekiston muaytay va boks federatsiyalari, shuningdek, taekvondo WT assotsiatsiyalarida muvaffaqiyatli ishlagan. Ayniqsa, oʻzbek bokschilarining Rio-2016 Olimpiya oʻyinlaridagi zafarli ishtirokida bu insonning xizmati beqiyos. Sherzod Tashmatov, shuningdek, Osiyo boks Konfederatsiyasi vitse-prezidenti, tashkilot Ijroiya qoʻmitasi aʼzosi sifatida ham faoliyat koʻrsatgan.
Uning Oʻzbekiston taekvondo assotsiatsiyasi boshqaruvidagi faoliyati oʻzbek sportida yangi sahifa ochdi, deyish mumkin. Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlarida taekvondochilarimiz ilk bor toʻliq tarkibda 4 ta litsenziya qoʻlga kiritishdi. Ulugʻbek Rashitovning undagi oltin medali mustaqil Oʻzbekiston uchun mazkur sport turida Olimpiadalardagi dastlabki sovrini boʻldi. Qolaversa, taekvondochilarimizning ketma-ket ikki bor jahon chempionatlarida 4 tadan medal qoʻlga kiritib kelishlarida Sh.Tashmatovning xizmatlari beqiyos. Sherzod Rixsibayevichning mana shunday mehnatlari davlatimiz tomonidan “Mehnat shuhrati” va “Doʻstlik” ordenlari bilan taqdirlangan.
Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Sherzod Tashmatovni bugungi tavallud ayyomi bilan tabriklab, unga uzoq umr, sihat-salomatlik va ulkan zafarlar tilab qoladi.