4 Iyun 2023 1365

Taekvondo boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi jahon chempionatlaridagi rekordini takrorladi

Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida taekvondo WT boʻyicha jahon chempionati yakuniga yetmoqda. Unda ishtirok etgan Oʻzbekiston terma jamoasi dunyo birinchiliklarida qoʻlga kiritilgan medallar soni boʻyicha rekordini takrorladi. Musobaqada hamyurtlarimiz 1 ta kumush va 3 ta bronza medallarini jamgʻarishdi.

Ayollar oʻrtasida +73 kg vazn toifasida ketma-ket 2 bor jahon chempionatining finaliga yetib borgan Svetlana Osipova bu gal kumush medal bilan cheklandi. Shuningdek, Feruza Sodiqova -62 kg vazn toifasida qatorasiga ikkinchi bor bronza medali bilan taqdirlandi.

Tokio-2020 Olimpiadasi chempioni Ulugʻbek Rashitov ilk bor jahon chempionatida shohsupaga koʻtarildi. Rashitov -68 kg vazn toifasida bronza medalini qoʻlga kiritdi. Qolaversa, kattalar oʻrtasidagi dunyo birinchiligida debyut qilgan Omonjon Otajonov -54 kg vazn toifasida shohsupaning uchinchi pogʻonasidan joy oldi.

Kumush medal:
+73 kg: Svetlana Osipova

Bronza medal:
-62 kg: Feruza Sodiqova
-54 kg: Omonjon Otajonov
-68 kg: Ulugʻbek Rashitov

Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi taekvondochilarimizning jahon chempionatidagi muvaffaqiyatli ishtiroki bilan mamlakat taekvondo WT assotsiatsiyasi, sportchi va murabbiylar, muxlislarimizni samimiy qutlaydi va oldinda turgan Xanchjou-2022 Osiyo hamda Parij-2024 Olimpiya oʻyinlarida atletlarimizning bundan ham ulkan gʻalabalarni qoʻlga kiritishlarini tilaydi.

Text to speech