Rossiyada ilk bor oʻtkazilgan Derbi yoʻnalishining Gran-pri dasturida oʻzbekistonlik chavandoz gʻalaba qozondi
Moskvada oʻtayotgan “Maxsima Masters Eurasia Cup” musobaqasidan yana bir ajoyib yangilik. Musobaqaning eng asosiy dasturlaridan biri – 150 sm balandlikdagi toʻsiqlardan sakrash boʻyicha Gran-pri yoʻnalishida hamyurtimiz Umid Kamilov oltin medalni qoʻlga kiritdi.
Qayd etish joiz, bunday balandlikdagi toʻsiqlardan sakrash boʻyicha Derbi yoʻnalishi Rossiya hududida ilk bor tashkil etildi. Hamyurtimiz “Kalleko” laqabli oti bilan 18 ta toʻsiqdan sakrash uchun 55.38 soniya vaqt sarflashga muvaffaq boʻldi.
Shuningdek, tezkorlik va xatosiz sakrash jihatlariga qaratilgan 130 sm balandlikdagi toʻsiqlardan sakrash yoʻnalishida Bekzod Qurbonov toʻrtinchi oʻrinni egalladi. “Derlivang” laqabli oti bilan qatnashgan terma jamoamiz sardori jarima ochkolarisiz 60.89 soniya natija qayd etdi.