9 May 2021 2448

Bokschilarimizning tayyorgarligi eʼtibor markazida

Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarligi har qachongidan ham diqqat-markazimizda bo‘lib turibdi. Bugun MOQ raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari, Osiyo boks konfederatsiyasi vitse-prezidenti Saken Polatov terma jamoamiz tayyorgarligini ko‘zdan kechirdi.

Taʼkidlash joiz, Saken Polatov bugungi uchrashuvga o‘zbek boksi faxriylarini ham taklif qilgan edi. “Yangiobod” sport bazasida o‘tgan tadbirda mehmonlar bokschilarimizning tayyorgarligini ko‘rish bilan birga bugungi 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan maʼnaviy uchrashuv tashkil qilishdi. Unda uzoq yillik hayotiy tajribaga ega faxriylarimiz yurtimizning bugungi osoyishta kunlari uchun jonini fido qilgan mard va jasur o‘g‘lonlarimiz haqida gapirib berishdi.

 

Hozirda Prezidentimiz bergan topshiriq asosida sportchilarimizning tayyorgarligi jiddiy nazoratga olingan. Bu borada federatsiya mutasaddilari ham bevosita bokschilarimiz bilan “Yangiobod” bazasida istiqomat qilishmoqda. Bunda ular sportchilarimizning kunlik mashg‘ulot jarayoni, tuzilayotgan ovqatlar menyusini qattiy kuzatib borishmoqda.

O‘z navbatida terma jamoamiz murabbiylari va federatsiya mutasaddilari tashkil etilgan bugungi mazmunli suhbat uchun bokschilarimiz nomidan minnatdorchilik izhor etib qoldilar.

Text to speech