Chavandozlarimiz “Maxima Masters Eurasia” turnirida yetakchilik qilishmoqda
Bugun Rossiyadagi “Horseka Sport” ot sporti klubida konkur boʻyicha “Maxima Masters Eurasia” musobaqasining 4-bosqich bellashuvlari boshlanadi. 4-iyunga qadar davom etadigan mazkur musobaqada chavandozlar 26-29-oktyabr kunlari oʻtadigan Yevrosiyo ligasining final bosqichida ishtirok etish uchun qimmatli ballarni jamgʻarishadi.
Keling, “Maxima Masters Eurasia” musobaqasining ortda qolgan 3 bosqichidan soʻng sportchilar egallab turgan reytingiga nazar tashlaymiz. Ahamiyatlisi, jadvalning eng yuqori 5 pogʻonasidan Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolari joy olishgan. Xalqaro maydonda koʻp yillik tajribaga ega Bekzod Qurbonov 41 ball bilan reytingda yetakchilik qilmoqda. Undan keyingi pogʻonalarni Xurshidbek Alimjonov (35 ball), Saidamirxon Turgʻunboyev (34 ball), Aʼzam Tolibboyev (32 ball) va Nurjan Tuyakbayev (29 ball) band etgan.
Qayd etish joiz, ushbu musobaqa bilan parallel ravishda 2-4-iyun kunlari Sverdlovsk viloyatida ot yoʻrttirish boʻyicha “Maxsima Masters Eurasia Cup” turniri ham oʻtkaziladi. Unda hamyurtlarimiz Alena Derevyanko (“Monchshofʻs red diamond” laqabli otda) va Timur Panayev (“Jazel”) ishtirok etishadi. Boʻlajak bahslarda yurtdoshlarimizga omad tilaymiz.