“Yoshlar sportni tanlaydi” shiori yuzlab sog‘lom turmush tarafdorlarini birlashtirdi
Respublika Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida “LUKOIL Uzbekistan Operating So” MCHJ hamkorligida “Yoshlar sportni tanlaydi” shiori ostida katta sport bayrami bo‘lib o‘tdi. Unda Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikramov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov va Qo‘mita raisi o‘rinbosari Sherzod Tashmatov, kompaniya bosh direktorining o‘rinbosari Vadim Kuzmin, ROPSTTM rahbariyati, o‘zbek sportining taniqli yulduzlari, sport faxriylari, yuzlab sportsevar yoshlar ishtirok etishdi.
Tadbir avvalida so‘z olgan Adham Ikramov Yurtboshimiz boshchiligida Olimpiya va Paralimpiya sport turlari, qolaversa, yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotini kuchaytirish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar haqida to‘xtaldi. Shuningdek, vazir bu kabi tadbirlar aholining turli qatlami orasida sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotini yanada kuchaytirishda muhim rol o‘ynashi haqida gapirdi.
Yana bir ahamiyatli tomoni, ushbu tadbir yosh taekvondochilar uchun qo‘shaloq bayramga ulanib ketdi. Mutasaddilar tashrif davomida markaz hududida kapital ta’mirdan chiqqan taekvondo zalining ochilish marosimida ishtirok etishdi. Rasmiylar bu kabi shinam va qulay zallar kelgusida yangi chempionlarni kashf etishga xizmat qilishini alohida ta’kidlashdi.
Shundan so‘ng o‘zbek sporti jamoatchiligi vakillari va “LUKOIL Uzbekistan Operating So” MCHJ ishchi xodimlari o‘rtasida mini-futbol o‘yini o‘tkazildi. Shuningdek, shinamgina maydonda taekvondo, kurash, dzyudo, boks, kamondan otish, stol tennisi, gimnastika burchaklari tashkil etilib, yosh sportchilar yig‘ilganlar uchun o‘z mahoratlarini ko‘rsatishdi. Tadbir so‘ngida yosh sportchilarimiz uchun estradamiz yulduzlari ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.