25 May 2023 874

Sherzod Tashmatov taekvondochilarimizga omad tiladi

Taekvondo WT boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi jahon chempionatida ishtirok etish uchun Ozarbayjonga yoʻl olgani haqida maʼlum qilgan edik. Delegatsiyamiz safarga joʻnab ketishidan avval MOQ raisi oʻrinbosari, mamlakat taekvondo WT assotsiatsiyasi raisi Sherzod Tashmatov sportchi va murabbiylarimiz bilan uchrashib, ularning tayyorgarligi boʻyicha suhbatlashdi.

Qayd etish joiz, jahon chempionati Parij-2024 Olimpiya oʻyinlariga eng katta reyting ochkolarini taqdim qiluvchi musobaqa hisoblanadi. Shu bois, unda har bir sportchimiz maksimal darajada ishtirok etishlari talab etiladi. Sherzod Tashmatov uchrashuv mobaynida aynan ushbu jihatga eʼtibor qaratib, har bir jangda sportchilardan bor imkoniyatlarini ishga solishlarini soʻradi va barchaga omad tiladi.

Boku shahri mezbonlik qiladigan dunyo birinchiligi 29-may – 4-iyun kunlari boʻlib oʻtadi. Eslatib oʻtamiz, oʻtgan yili Meksikada oʻtgan jahon chempionatida Oʻzbekiston terma jamoasi 1 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medallariga sazovor boʻlib, oʻz tarixida ilk bor 4 ta medalni qoʻlga kiritgan edi. Boʻlajak musobaqada sportchilarimizdan kamida Meksikadagi natijalarni takrorlashlarini kutib qolamiz.

Text to speech