24 May 2023 1416

Tanzila Narbayeva Osiyo velosport konfederatsiyasi prezidenti bilan yangi rejalarni muhokama qildi

Osiyo velosport konfederatsiyasi prezidenti Osama Al Shafar mamlakatimizda boʻlib turgani haqida xabar bergan edik. Martabali mehmon tashrif davomida Oʻzbekiston Respubilkasi Oliy Majlis Senati Raisi, mamlakat velosiped sporti federatsiyasi rahbari Tanzila Narbayeva qabulida boʻldi.

Uchrashuvda yurtimizda velosportni yanada rivojlantirish, velosiped sport turlarini aholi oʻrtasida ommalashtirish, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarni ushbu sport turiga keng jalb qilish, professional sportchilarni tayyorlash, shuningdek, Osiyo velosport konfederatsiyasi bilan hamkorlikda istiqbolli rejalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Muloqot davomida Tanzila Narbayeva Osiyo velosport konfederatsiyasi tomonidan koʻrsatilgan amaliy koʻmak tufayli Oʻzbekiston velosiped sport federatsiyasi koʻzga koʻrinarli yutuqlarga erishayotganini taʼkidlab oʻtdi. Xususan, Oʻzbekiston erkaklar va ayollar terma jamoalari UCI Olimpiya reyting setkasidan joy olib, erkaklar terma jamoasi UCI xalqaro reytingida 52-oʻrindan 34-oʻringa, ayollar terma jamoasi 22-oʻrindan 17-oʻringa koʻtarilgani alohida tilga olindi.

Oʻz navbatida, Osama Al Shafar Oʻzbekistonda velosportni rivojlantirish yuzasidan amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlarni, sportchilar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlarni yuqori baholab, atletlarimizning qisqa davr ichida jahon velosport olamida oʻz oʻrniga ega boʻlgani va Osiyo qitʼasi oʻzbekistonlik sportchilarning yutuqlari bilan faxrlanayotganini alohida taʼkidlab oʻtdi. Shu bilan birga, Osiyo velosport konfederatsiyasi bundan keyin ham Oʻzbekistonda velosportni rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanligini qayd etdi.

Shuningdek, suhbat chogʻida Oʻzbekistonda velosportning shosse, togʻ va trek turlari boʻyicha musobaqalarni tashkil etish, Osiyo chempionatlarini oʻtkazish boʻyicha taklif va mulohazalar bildirildi.

Oʻzbekiston velosport terma jamoasining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, xorijiy murabbiylarni jalb etish orqali sportchilarni kelgusidagi yirik musobaqalarga puxta tayyorlash kabi ustuvor masalalar yuzasidan hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib olindi.

Text to speech