Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov 62 yoshda!
Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov 62 yoshni qarshi olmoqda.
Hurmatli Abdulla Nigmatovich,
Sizni bugungi tavallud ayyomingiz bilan yurtimizdagi katta sport jamoatchiligi, sportchi va murabbiylar, Olimpiya oilasi nomidan samimiy muborakbod etamiz!
Yangi Oʻzbekistonning yangi marralarni zabt etishida, mamlakatimizning har tomonlama yuksalib taraqqiy etishida Prezidentimizga kamarbasta boʻlib turgan Siz kabi jonkuyar va fidoiy yurt farzandlarining xizmatlari beqiyos. Jumladan, oʻzbek sportini qoʻllab-quvvatlash, uning yangi yutuqlarni qoʻlga kiritishidagi xizmatlaringiz alohida eʼtirofga sazovor. Eng avvalo, bular atletlarimizning xalqaro maydonda qoʻlga kiritayotgan yutuqlarida yaqqol namoyon boʻlmoqda.
Bevosita qoʻllab-quvvatlashingiz bilan hozirda terma jamoalarimiz yirik xalqaro musobaqalarga qizgʻin hozirlik koʻrmoqda. Yurtimizda ommaviy sport va sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, professional sportga yordam berish borasida olib borayotgan xizmatlaringiz uchun mamlakatimizdagi Olimpiya harakatining barcha ishtirokchilari nomidan minnatdorchilik izhor qilamiz.
Fursatdan foydalanib, bugungi tavallud ayyomingiz bilan yana bir bor samimiy muborakbod etib, Sizga uzoq umr, sihat-salomatlik, faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.
Hurmat va ehtirom bilan,
Oʻzbekiston Olimpiya oilasi