Yangi qiyofa ochayotgan “Universal Jumping Agro”ga xalqaro ekspertlar yuqori baho berishdi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yilqichilik va ot sportini yanada rivojlantirish hamda zamonaviy beshkurash va polo sport turini ommalashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5024 sonli Qarorida mamlakatimizda yirik nufuzli musobaqalarni oʻtkazish, otlar uchun zamonaviy sharoitlarga ega manejlar qurish boʻyicha alohida koʻrsatmalar belgilangan edi. Poytaxtimizda faoliyat olib borayotgan “Universal Jumping Agro” ot sporti klubining ishini yanada takomillashtirish orqali ushbu topshiriqlar ijrosi taʼminlamoqda.
Ushbu majmua 160 bosh ot uchun moʻljallangan. Hozirgi kunda inshootda qurilish ishlari davom ettirilib, uning imkoniyatlari yanada kengaymoqda. Jarayonning ketishini nazorat qilish uchun kelgan Xalqaro yilqichilik va ot sporti federatsiyasi mutaxassislari bunga yuqori baho berishdi. Otxonada jonivorlarni parvarishlash, veterinariya muolajalarini olib borish uchun barcha sharoitlar yaratilganiga alohida toʻxtalishdi.
Shuningdek, ular majmua Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanma beruvchi litsenzion musobaqa hamda “Toshkent-2025” Osiyo oʻyinlarini oʻtkazish uchun har tomonlama mos kelishini qoʻshimcha qilishdi. Yangi qiyofa ochayotgan “Universal Jumping Agro” mamlakatimizda yilqichilik va ot sporti rivojini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi taʼkidlandi. Oʻrganish ishlari davomida xalqaro ekspertlar ish samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha tavsiyalarini berishdi.