21 May 2023 1482

“Men gʻolib” ommaviy yugurish musobaqasi minglab vatanparvar yoshlarni birlashtirdi

Bugun Toshkentda Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari va kuch ishlatuvchi tuzilmalarining vakillari, harbiy oʻquv-muassasalarining kursantlari, havaskor va professional sportchilar ishtirokida “Men gʻolib” harbiy-vatanparvarlik ommaviy yugurish musobaqasi boʻlib oʻtdi. Erta tongda 2000 nafarga yaqin ishtirokchi “Humo Arena” sport majmuasining hududida 3 km va 10 km masofalarga yugurish dasturlarida qatnashish uchun toʻplandi.

Ommaviy yugurish musobaqasi Oʻzbekiston yengil atletika federatsiyasining bosh hamkori – “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Toshkent shahar hokimiyati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Tadbirning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi xavfsizlik kengashi kotibi, Oʻzbekiston triatlon federatsiyasi raisi Viktor Mahmudov, Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikramov, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov, Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qoʻmita raisi oʻrinbosarlari Azizjon Kamilov va Sherzod Tashmatov ham ishtirok etishdi. Rasmiylar oʻz nutqlarida “Men gʻolib” musobaqasi yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda, yurtimiz farovonligi yoʻlida faoliyat olib borayotgan xizmatchilar oʻrtasidagi sogʻlom turmush tarzi va ommaviy sportni yanada targʻib qilishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidlashdi.

Yana bir ahamiyatli tomoni musobaqada kuch ishlatuvchi tuzilmalarning rahbarlari ham ommaviy yugurish musobaqasida oʻz xodimlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida ishtirok etishdi.

“Men gʻolib” ommaviy yugurish musobaqasini oʻtkazishdan koʻzlangan eng muhim maqsadlaridan biri harbiy xizmatchilarni faol jismoniy harakatda boʻlishini taʼminlash, Qurolli kuchlar va kuch ishlatuvchi tuzilmalar orasida doʻstona aloqalarini rivojlantirish, ular orasida eng kuchli jamoalarni aniqlash hisoblanadi. Ommaviy yugurish musobaqasi doirasida ishtirokchilar ham yakkalik, ham jamoaviy ommaviy yugurish musobaqasida oʻz kuchlarini sinaydi.

“Men gʻolib” koʻchma kubogini qoʻlga kiritish uchun bugun Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Prezident Davlat xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qoʻmitasi vakillaridan iborat 7 ta jamoa kurash olib bordi. Shuningdek, Qurolli kuchlar akademiyasi, Jamoatchilik xavfsizligi universiteti, IIV akademiyasi, FVV vazirligi, DXX akademiyasi va DSQ instituti, kuch ishlatuvchi tuzilmalarning oʻquv yurtlari kursantlardan shakllantirilgan 6 ta jamoa orasida ham bellashuvlar oʻtkazildi.

Ommaviy yugurish musobaqasi doirasida Oʻzbekiston Qurolli kuchlari va kuch ishlatuvchi tuzilmalarining qudratini namoyish etuvchi harbiy texnika koʻrgazmasi tashkil etildi. Yakunda 3 va 10 kmga yugurish bahslarida oʻz yoʻnalishlarida gʻolib va sovrindor boʻlgan qatnashchilar taqdirlanishdi. Musobaqada Mudofaa vazirligi sportchilari umumjamoa hisobida birinchi oʻrinni qoʻlga kiritishdi.

Text to speech