O‘zbekiston delegatsiyasi “Rossiya-Islom dunyosi KazanExpo 2023” forumida qatnashdi
Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikramov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov boshchiligidagi delegatsiya Rossiya Federatsiyasining Qozon shahrida “Rossiya-Islom dunyosi KazanExpo 2023” forumida ishtirok etdi. Tadbir doirasida mintaqada sport yo‘nalishida o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha uchrashuvlar o‘tkazildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi tashrif davomida Tatariston Respublikasi raisi Rustam Minnixanov, Rossiya Federatsiyasi Sport vaziri Oleg Matitsin bilan uchrashib, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida sport sohasida yangi rejalarni ko‘rib chiqishdi. Tadbir doirasida har ikki mamlakat sport vazirlarining qo‘shma komissiya yig‘ilishi ham o‘tkazilib, yakunda davlatlar o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha memorandum imzolandi.
Qayd etish joiz, Qozon shahriga Rossiya sportining poytaxti, deya taʼrif beriladi. Bu bejiz emas. Boisi ko‘plab sport turlaridagi Rossiya terma jamoalari Qozon shahrida yirik musobaqalarga tayyorgarlik ko‘radi. Shuningdek, ushbu shahar 2013-yil Butunjahon yozgi Universiada o‘yinlari, 2015-yil suv sporti turlari bo‘yicha jahon chempionati, 2018-yil futbol bo‘yicha Jahon chempionati bahslarini, 2021-yil esa birinchi MDH o‘yinlarini qabul qilgan. Bir so‘z bilan aytganda, u yerda sport uchun yaratilgan infratuzilma aʼlo darajada.
Mutasaddilar uchrashuv davomida kelgusi musobaqalarga birgalikda tayyorgarlik ko‘rish, terma jamoalar ishtirokida qo‘shma yig‘inlar o‘tkazish haqida fikr almashishdi. Shuningdek, suhbatda “Toshkent-2025” yoshlar Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rishda Qozon tajribasini o‘rganish ham kun tartibidagi masalalardan joy oldi.
Safar davomida Stanislav Pozdnyakov boshchiligidagi Rossiya Olimpiya qo‘mitasi mutasaddilari bilan ham uchrashuv o‘tkazildi. Unda tomonlar o‘rtasidagi uzoq yillik do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlash, sohadagi so‘nggi yutuqlar bo‘yicha tajriba almashish bo‘yicha munozaralar olib borildi.