7 May 2021 2298

MOQ Bosh kotibi eshkak eshuvchilarimizning bazasidagi sharoitlar bilan tanishdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turizm va sport vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi rahbariyati bilan o‘tkazgan uchrashuvida Tokio-2020 Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlikni yana-da kuchaytirish bo‘yicha muhim topshiriqlar berib o‘tgan edi. Unda atletlarimiz uchun barcha sharoitlarni yaratib berish, ularning ijtimoiy sharoitini o‘rganish bo‘yicha alohida taʼkidlangan. Bu borada MOQ rahbariyati reja bo‘yicha ish jarayonini boshlab yubordi va yana bir bor barcha sport bazalari ko‘zdan kechirilmoqda. Bugun MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov O‘zbekiston ROWING&CANOE federatsiyasining Toshkent viloyatidagi Tuyabo‘g‘iz suv omborida joylashgan sport bazasiga tashrif buyurdi.

Ushbu federatsiya hozirgacha delegatsiyamiz hisobiga Olimpiya o‘yinlariga 2 ta, Paralimpiya o‘yinlariga 3 ta yo‘llanma taqdim qilgan. MOQ Bosh kotibi tashrif davomida litsenziatlarimiz bilan uchrashib, ular uchun yaratib berilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Suhbat davomida muammo va kamchiliklar haqida so‘radi.

“Hozir har qachongidan ham masʼuliyatli davr. Sizlarning Olimpiadada munosib ishtirok etishingiz, buning uchun barcha sharoitlarni yaratib berish shaxsan Prezidentimiz nazoratida bo‘lib turibdi. Biz Sizlarning yordamchingizmiz. Suhbatimiz davomida mavjud kamchilik va muammolarni ochiq-oydin aytishingizni so‘rab qolgan bo‘lar edim. Hukumatimizning qo‘llab-quvvatlashi bilan barcha masalalarga yechim topamiz”, – dedi MOQ Bosh kotibi.

Asosiy jamoalarimiz Tailand va Yaponiyadagi Tokio-2020 litsenzion musobaqasida ishtirok etayotgani bois bazada zaxira sportchilari, yoshlar jamoasi va Tokio-2020 litsenziatlari qolgan. O‘rganishlar natijasida bazadagi kommunal tizim va ovqatlar ratsionida bir qator muammolar mavjudligi maʼlum bo‘ldi. O‘z navbatida, Oybek Kasimov federatsiya mutasaddilariga yuqori kaloriyaga boy, mazali taomlar menyusini qayta ko‘rib chiqish, mavjud shu va boshqa muammolarni bartaraf etish, sportchilarimizning maʼnaviy dunyoqarashlarini oshirish borasida qatʼiy ko‘rsatmalar berdi.

Text to speech